Hazorasp tumanida xotin-qizlar oʻrtasida huquqbuzarlik va jinoyatlarning oldini olish borasida mahalliy hokimlik, huquqni muhofaza qiluvchi organlar va keng jamoatchilik vakillari bilan hamkorlikda huquqbuzarlik sodir etishga moyil boʻlgan, sudlangan, yashash manzilidan uzoq muddatga chet davlatlarga ketgan xotin-qizlar bilan keng qamrovli profilaktik tadbirlar amalga oshirilmoqda. Mahallalarda tegishli tashkilot va idoralarning vakillaridan iborat ishchi guruhlar tuzilib, har bir oiladagi xotin-qizlarning turmush tarzi atroflicha oʻrganilish bilan birgalikda, ularga amaliy jihatdan yordam ham koʻrsatilyapti.

  – Tumanimiz hududida 2368 nafar xotin-qizlar “Ayollar daftari”ga kiritilgan boʻlib, ular bilan tegishli tashkilotlarning vakillari hamkorligida tizimli ishlar olib borilmoqda, – deydi Hazorasp tumani IIB HPB xotin-qizlar masalalari boʻyicha katta inspektori, katta leytenant Anaposhsha Qurbonova. – Oʻtgan yil davomida ulardan 340 nafarining muammolari oʻrganib chiqildi. Natijada 97 nafar xotin-qizlarning bandligi taʼminlandi, 124 nafariga mahalla fuqarolar yigʻini hamda mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash boʻlimi tomonidan moddiy, 78 nafariga esa, psixologik yordam koʻrsatildi. Nogironligi boʻlgan 9 nafar xotin-qiz nogironlik aravachalari bilan taʼminlandi. Taʼziq va zoʻravonlikdan jabrlangan 329 nafar ayolga himoya orderi berilib, ushbu oilalar alohida eʼtiborga olindi. Shuningdek, ajrim yoqasiga kelib qolgan 48 nafar xotin-qizlar yarashtiri ldi. Probasiya guruhi roʻyxatida boʻlgan 24 nafar xotin-qizlar bilan psixologik hamda profilaktik suhbatlar olib borildi. Ayni kunda bu kabi tadbirlar belgilangan reja asosida davom etmoqda.  

  Soha xodimlari oila-turmush munosabatlari doirasidagi nizolarni erta aniqlash va bartaraf etish maqsadida xonadonlarga chiqib, xotin-qizlarning turmush tarzi, oilaviy ahvoli hamda muammolarini oʻrganib borishyapti. Amalga oshirilayotgan bu kabi profilaktik tadbirlar natijasida xotin-qizlar tomonidan jinoyat va huquqbuzarliklar sodir etilishining, oilalardagi ajrimlarning hamda nizoli holatlarning oldi olinmoqda. 

                                      Xudoybergan JABBOROV,

                                          “Postda” muxbiri.