Uning kasb tanlovi tasodifiy boʻlmagan. Aniqrogʻi, bolaligidan uzoq yillar ichki ishlar organlarida samarali xizmat qilgan otasi, ayni paytda isteʼfodagi podpolkovnik Normurod Berdimurodovga havas qilib voyaga yetgan.
– Otam ichki ishlar organlari xodimi boʻlganidan doim faxrlanganman, – deydi lavhamiz qahramoni. – Ulardek xizmat libosini kiyish orzusi yoʻlida otamning yoʻl-yoʻriq, maslahatlari menga kuch, ishtiyoq bagʻishlagan. Keyinchalik taqdir yoʻllarim ham ichki ishlar organlari xodimi, hozirda isteʼfodagi mayor Furqat Ergashevga tutashdi. Biz oilada ham, xizmatda ham bir-birimizga qoʻshqanot boʻldik. Qaynotam isteʼfodagi polkovnik Qobiljon Ergashev ham shu sohada uzoq yillar samarali xizmat qilganlar.
2011-yilda Samarqand davlat universitetini tamomlagan Vazira shu yilning oʻzida ichki ishlar organlariga xizmatga kirgan. Dastlab Voyaga yetmaganlarga ijtimoiy-huquqiy yordam koʻrsatish markazida xizmat qildi. 2019-yildan Samarqand shahar IIOFMB 9-sonli IIB xotin-qizlar masalalari boʻyicha inspektori lavozimida xizmat qilib kelmoqda. U xizmat olib borayotgan hududda 27 ta mahalla va 45 mingdan ziyod xotin-qizlar boʻlib, ular orasida kam taʼminlangan, huquqiy himoyaga muhtojlar ham bor. Yil boshidan buyon tazyiq va zoʻravonlikdan jabr koʻrgan 48 nafar xotin-qizga himoya orderi berildi, bunda takroriy holatlar ham boʻldi.
Kapitan Vazira Berdimurodovaning taʼkidlashicha, fuqarolardan kelib tushayotgan murojaatlarning sabablaridan biri oilaviy-maishiy munosabatlardir. Tashvishlisi, fuqarolar har doim ham zudlik bilan murojaat qilmaydi.
– Yaqinda bir oilada kelishmovchilikning oldini oldik, – deydi kapitan Vazira Berdimurodova. – Er muntazam ravishda homilador xotinini rashk tufayli kaltaklab kelgan. Biz ayolga himoya orderi berdik. Uning erini esa ishga joylashtirdik. Baʼzi oilalarda zudlik bilan aralashuvni talab qiladigan oilaviy mojarolar ham boʻlib turadi. Xodimlar nizo va janjallarni oʻz vaqtida bartaraf etish asnosida yanada ogʻir oqibatlarning, jumladan, jinoyatlarning oldi olinadi, albatta.
Lavhamiz qahramoni xonadonida besh farzandning mehribon onasi.
U kutilmagan tasodiflarga toʻla qaynoq ish kunidan keyin hamisha sevimli oilasi bagʻriga intiladi.
– Ish bilan bir qatorda, farzand tarbiyasiga ham eʼtibor qaratishim zarur, – deydi u. – Oilam mening suyanchim, ertangi hayotimdagi bir-biridan goʻzal kunlar uchun ruhlantiruvchi sevimli oshyondir. Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida tahsil olayotgan qizim bilan faxrlanaman. U uchta xorijiy – italyan, ingliz va rus tillarini yaxshi biladi. Har bir ona uchun farzandlarining muvaffaqiyatini koʻrishdan ortiq baxt yoʻq.
Kapitan V. Berdimurodova har bir hayotiy vaziyatni tushunish, aholi bilan ishonchli munosabatlar oʻrnatishni xizmatining muhim jihati, deb biladi. Bunda u fuqarolar, ayniqsa, xotin-qizlar zarur vaziyatlarda yordam soʻrab murojaat qiladigan joyi borligini bilishi kerak, deb hisoblaydi. Va hamisha ularning huquqiy savodxonligini oshirishga harakat qiladi.
Zamira BOLTAYEVA,
oʻz muxbirimiz.
Samarqand viloyati.
