Vatan soʻzidek qutlugʻ kalom, ona yurtga xizmat qilishdek oliyjanob amal yoʻqdir. Vatanni himoya qilish er yigitning sharafli ishi, or-nomusi sanaladi. Binobarin, ichki ishlar organlari sohasida ham yurt osoyishtaligi yoʻlida koʻksini qalqon qilib, xizmat chogʻida vafot etgan xodimlar hamisha xalqimiz xotirasidan mudom oʻchmaydi. Qiziltepa tumanidagi 7-umumtaʼlim maktabida mazkur tuman IIBning marhum xodimlari kapitan Abdurazzoq Bobomurodov hamda serjant Muhiddin Samievlarning yorqin xotirasiga bagʻishlangan tadbir tashkil etildi.

Vatan qahramonlarining oila aʼzolari, tuman hokimligi mutsaddilari, mahalla faollari va shu maktabning oʻquvchilari ishtirok etgan xotira kechasida oʻquvchilar ijodidan marhum kapitan Abdurazzoq Bobomurodov hamda serjant Muhiddin Samievlarga bagʻishlangan sheʼr va qoʻshiqlar ijro etildi. Mazkur maktabda taʼlim olgan vatan qahramonlari bilan bogʻliq voqealar, ularning unutilmas jasorati oila aʼzolari, sinfdosh va xizmatdoshlari tomonidan xotirlandi. Bu kabi tadbirlarning tashkil etilishi oʻsib kelayotgan yoshlarni vatanparvarlik hissida tarbiyalashda ijobiy samara koʻrsatishi shubhasiz.

Mahliyo XOLOVA,

oʻz muxbirimiz.

Navoiy viloyati.