Soʻnggi yillarda turistik hududlarda xavfsizlikni taʼminlash maqsadida maxsus tuzilmalar tashkil etilib, patrul xizmatlari kuchaytirildi. Viloyat IIB Xavfsiz turizmni taʼminlash boshqarmasi xodimlari nafaqat tartibni saqlash, balki sayyohlarga yoʻl koʻrsatish, muammolarni tezkor va tartibli hal etishda ham faol ishtirok etmoqda. Ayniqsa, profilaktika ishlari alohida ahamiyat ega. Jinoyat sodir boʻlgandan keyin emas, balki uning oldini olishga qaratilgan chora-tadbirlar xavfsiz muhitni yaratishda asqatadi. Bu esa sayyoh uchun eng muhim narsa – ishonch hissini taʼminlaydi.
Bundan tashqari, soʻnggi yillarda amalga oshirilayotgan islohotlar xavfsiz turizmni yangi bosqichga olib chiqdi. Turizm infratuzilmasining rivojlanishi, zamonaviy texnologiyalarning joriy etilishi, xavfsizlik tizimining raqamlashtirilishi natijasida xizmat sifati sezilarli darajada oshdi. Endilikda xavfsizlik faqat nazorat emas, balki aqlli boshqaruv tizimiga aylanyapti.
Bu borada viloyatimizda «Qalqon» situatsion tezkor boshqaruv markazi tashkil etilgani alohida eʼtiborga loyiq. Ushbu markaz zamonaviy texnologiyalar asosida hududda sodir boʻlayotgan jarayonlarni real vaqt rejimida kuzatish, tezkor tahlil qilish va zarur choralarni koʻrish imkonini bermoqda. Natijada hudud boshqaruvi yanada samarali va aniq tizimga oʻtdi. Bu esa nafaqat fuqarolar, balki minglab sayyohlar uchun ham xavfsiz va qulay muhit yaratishga xizmat qilmoqda.
Eng eʼtiborlisi shundaki, bu saʼy-harakatlar oʻz samarasini bermoqda. 2025-yilning oʻzida koʻhna va boqiy Buxoroga tashrif buyurayotgan sayyohlar soni keskin oshib, 6 millionga yetgani ham bejiz emas. Bu raqam ortida faqat tarixiy obidalar yoki goʻzal manzaralarni koʻrish emas, balki eng avvalo, insonni oʻziga tortadigan muhim omil – xavfsizlik va ishonch mujassam.
Bir qarashda oddiy koʻringan holatlar zamirida katta mehnat yotadi. Kechki payt tarixiy koʻchalar boʻylab sayr qilayotgan sayyoh oʻzini erkin his qilishi uchun kimdir ayni damda xizmatda turibdi. Uning xavfsizligi uchun kimdir tunni bedor oʻtkazyapti. Bu – koʻrinmas, ammo beqiyos xizmatdir.
Sayohat – bu erkinlik, yangi manzillar va yangi taassurotlar demakdir. Ammo bu erkinlik ortida tartib, nazorat va fidoyilik mujassam. Demak, xavfsiz turizm – bu shunchaki xizmat emas, balki insonlarda ishonch uygʻotadigan tizimdir.
Yulduz USMONOVA,
Buxoro viloyati IIB XTTB JTSG inspektori,
leytenant.
