Sirdaryo tumanida yashovchi 63 yoshli A.Rahimov ilgari olti marotaba sudlangan. Umrining 25 yildan ortigʻini panjara ostida oʻtkazgan ushbu shaxs yana jinoyatga qoʻl urdi.

U mast holatda Sirdaryo shahridagi R.Otamurodova xonadonining devoridan oshib oʻtib, mulkini oʻgʻirlamoqchi boʻlgan vaqtida, uyga kelib qolgan voyaga yetmagan S.Saydaliyeva koʻrib qoladi. Shu bois jinoyatini oxiriga yetkazmay, voqea joyidan yashirinadi.

Bundan tashqari, Sirdaryo tumani IIB xodimlari tomonidan oʻtkazilgan “Qoradori — 2021” tadbirda A.Rahimovning xonadoni koʻzdan kechirilganida, molxonasi yonida joylashgan qurigan daraxt shoxlari orasida ikki dona polietilen tuvakda bir tupdan nasha giyohvandlik oʻsimligini qonunga xilof ravishda yetishtirib kelayotganligi aniqlangan.

Olib borilgan tezkor qidiruv ishlari natijasida A.Rahimov qoʻlga olindi. Sud hukmiga koʻra, unga nisbatan 6 yil 1 oy muddatga ozodlikdan mahrum etish jazosi tayinlandi.

Abdurahmon MUSTAFOQULOV,

“Postda” muxbiri.

Sirdaryo viloyati.