Ichki ishlar vazirligi Transportda xavfsizlikni taʼminlash bosh boshqarmasi neftʼ mahsulotlarini kuzatish batalʼoni 1-otryadi (Oxunboboev bekati)ning yangi binosi foydalanishga topshirildi.

Ochilish marosimida Ichki ishlar vazirining oʻrinbosari – Transport va turizm obʼektlarida xavfsizlikni taʼminlash departamenti boshligʻi, general-mayor Bahodir Mirzarahimov, Fargʻona viloyati Ichki ishlar boshqarmasi boshligʻi, polkovnik Muhitdin Joʻraev ishtirok etdi. 

Vazir oʻrinbosari otryad shaxsiy tarkibi bilan muloqot oʻtkazib, har bir xodimni xushyor va sergak boʻlishga, zimmasidagi vazifalarni halol va vijdonan bajarishga, xizmat intizomiga qatʼiy rioya etishga chaqirdi.

Shundan soʻng ramziy lenta qirqilib, binoda yaratilgan shart-sharoitlar koʻzdan kechirildi.

Aytish zarurki, binoda xodimlarning samarali xizmat olib borishi uchun barcha qulayliklar yaratilgan. Xonalarga zamonaviy mebelʼ jihozlari, kompʼyuter texnologiyalari oʻrnatilgan. Oshxona, dam olish xonalari tashkil etilgan.

Vazir oʻrinbosari binodagi qulayliklarni koʻzdan kechirib, yaratilgan bunday shart-sharoitlarga javoban sidqidildan xizmat qilish kerakligini taʼkidladi.

Shu kuni vazir oʻrinbosari Qoʻqon shahrida joylashgan Transportda xavfsizlikni taʼminlash boshqarmasi hamda ushbu boshqarma tarkibidagi Margʻilon vokzalida xavfsizlikni taʼminlash boʻlinmasida ham boʻlib, xodimlarning xizmat jarayoni, binodagi imkoniyat va shart-sharoitlar bilan yaqindan tanishdi.

Abduvosit SIDIQOV,

“Postda” muxbiri.

Fargʻona viloyati.