Mahkumlarga insonparvarlik tamoyillari asosida yaratilayotgan sharoitlar koʻplarining taqdirini ijobiy tomonga oʻzgartirmoqda. Endi muassasalar faqat jazo oʻtaydigan joy emas, balki odam oʻzini anglaydigan, kasb oʻrganadigan, ilm oladigan va hayotini qaytadan boshlashga tayyorlanadigan maskanga aylanmoqda. 

 Umida Shoumarovaning hayot yoʻli ham buning yaqqol misolidir. U IIV huzuridagi JIED Birinchi mintaqaviy hududiga qarashli 21-sonli koloniyada jazo muddatini oʻtayoganida bu yerda tashkil etilgan goʻzallik salonida tajribali mutaxassislardan sartaroshlik sirlarini oʻrgandi. 

 Jazo muassasalarida mahkumlar uchun yaratilayotgan sharoitlar nafaqat kasb oʻrganish, balki maʼnaviy va intellektual rivojlanishga ham xizmat qilmoqda. Turli maʼrifiy tadbirlar, kitobxonlik kechalari, «Zakovat» intellektual oʻyinlari ularning dunyoqarashini kengaytirmoqda. Darvoqe, mahkumalar oʻrtasida oʻtkazilgan «Zakovat» intellektual oʻyinida Umidaning jamoasi faxrli birinchi oʻrinni egalladi. Yaqinda sartaroshlik boʻyicha u tegishli sertifikatni olib, boshqa manzil koloniyasiga oʻtkazildi. 

– Jazo oʻtayotganimga bir yildan oshdi. Shu vaqt ichida xatoyimni anglab yet­dim. Qilmishimdan qattiq pushaymonman. Ilgari hayotga yengil-yelpi qaragan ekanman. Endi esa har bir daqiqaning qadriga yetyapman. Ozodlikka chiqqach, oʻz kasbim orqali insonlarga naf keltirmoqchiman. Tarix fanini yaxshi koʻraman. Oilam bagʻriga qaytgach, bu yerda oʻrgangan kasbimni davom ettirish barobarida, albatta, universitetga oʻqishga kiraman, – deydi Umida qatʼiy ishonch bilan. 

 Bugun mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar inson qadrini ulugʻlashga qaratilgani bilan ahamiyatlidir. Jazoni ijro etish muassasalarida mahkumlar kasbga oʻqitilyapti, taʼlim be­rish, maʼnaviy tarbiya ishlarini kuchaytirish orqali ularning jamiyatga moslashuviga keng yoʻl ochilmoqda. 

 Adashgan insonga berilgan ikkinchi imkoniyat nafaqat uning kelajagini, balki butun bir oilaning taqdirini yaxshi tomonga oʻzgartirishi mumkin. Umida kabi mahkumlar esa bu imkoniyatni qadrlab, hayotida yangi sahifa ochishga tayyor. 


Inomjon RAHIMXOʻJAYEV, 

mayor.