Mustaqilligimizning 30 yillik shodiyonasi “Yangi Oʻzbekistonda erkin va farovon yashaylik!“ shiori ostida yurtimiz boʻylab keng nishonlanmoqda. Eng aziz va eng ulugʻ bayram shodiyonasi hamda yangi oʻquv yilining boshlanishi munosabati bilan Ichki ishlar vazirligining Xorazm akademik litseyida tantanali tadbir boʻlib oʻtdi.
Tadbirni litsey direktori polkovnik R.R.Masharipov kirish soʻzi bilan ochib, barchani yangi oʻquv yili boshlanishi bilan samimiy qutladi hamda Oʻzbekiston Respublikasi davlat madhiyasi ijro qilindi.
Ushbu tantanali tadbirda soʻzga chiqqan Xorazm viloyat IIB boshligʻining oʻrinbosari A.T.Raxmonov va faxriy mehmonlar tadbir qatnashchilarini mustaqillik bayrami hamda yangi oʻquv yilining boshlanishi bilan tabriklab, oʻquvchilarning kelajakda yuksak maʼnaviyatli, vatanparvar, oʻz kasbining munosib izdoshlari boʻlishida muvaffaqiyatlar tiladilar.
Akademik litseyning maxsus fanlar oʻqituvchi isteʼfodagi podpolkovnik Yusupov Shokir Abdusharipovich yosh avlodni tarbiyalashdagi ulkan xizmatlari uchun Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vaziri maslahatchisi general-polkovnik Z.A.Almatov “Faxriy yorligʻi” bilan taqdirlandi.
Xorazm akademik litseyi oʻquvchilari oʻrtasida Oʻzbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 30 yillik bayramining bosh gʻoyasi asosida "Yangi Oʻzbekistonda erkin va farovon yashaylik" shiori ostida oʻtkazilgan Mustaqillik davri aks etgan "Eng yaxshi videolavha” hamda “Eng yaxshi insho”lar tanlovi gʻoliblari diplom va kitoblar jamlanmasi bilan taqdirlanishdi.
Litseyning "Jaloliddin izdoshlari" harbiy-sport klubi aʼzolarining koʻrgazmali chiqishlari barchaga bayramona kayfiyat ulashdi.
Xudoybergan Jabborov, ”Postda” muxbiri.
Xorazm viloyati.
