Surxondaryo viloyatining chekka hududlaridan biri boʻlgan Sariosiyo tumanida soʻnggi yillarda amalga oshirilayotgan islohotlar aholi turmush tarzini sifat jihatdan yangi bosqichga koʻtarmoqda. Xususan, transport infratuzilmasidagi ijobiy oʻzgarishlar nafaqat qulaylik, balki hudud rivojlanishining muhim omillaridan biriga aylandi.

1976-yilda foydalanishga topshirilgan Sariosiyo aeroporti uzoq yillar davomida aholiga xizmat qildi. Biroq 2005-yilga kelib, u fuqaro aviatsiyasi uchun yopildi. Oradan qariyb yigirma yil oʻtib, davlatimiz rahbarining tashabbusi va topshiriqlari asosida ushbu havo bandargohi tubdan qayta taʼmirlanib, zamonaviy talablar darajasida qayta ishga tushirildi.

Bugungi kunda aeroport haftaning dushanba, chorshanba, juma va yakshanba kunlari muntazam reyslarni amalga oshirmoqda. «Toshkent – Sariosiyo» yoʻnalishi boʻyicha yoʻlga qoʻyilgan aviaqatnovlar aholi uchun beqiyos qulaylik yaratib, ilgari soatlab davom etgan mashaqqatli yoʻl endilikda bir soatdan ziyod vaqt ichida bosib oʻtish imkonini bermoqda.

Albatta, strategik ahamiyatga ega boʻlgan har qanday transport obyektida boʻlgani kabi, bu yerda ham xavfsizlik masalasiga birinchi darajali vazifa sifatida qaraladi. Bu borada Surxondaryo viloyati Transportda xavfsizlikni taʼminlash boshqarmasi Sariosiyo aeroportida xavfsizlikni taʼminlash boʻlinmasi xodimlari yuksak masʼuliyat bilan xizmat qilmoqda.

– Muntazam reyslar belgilangan kunlarda xodimlarimiz navbatchilik asosida faoliyat koʻrsatadi, – deydi boʻlinma huquqbuzarliklar profilaktikasi guruhi katta inspektori, mayor Mansur Toshboboyev. – Fuqarolarni kutib olish, roʻyxatdan oʻtkazish va samolyotga chiqish jarayonlari toʻliq nazorat ostida boʻladi. Har bir yoʻlovchining xavfsizligini taʼminlash bizning asosiy maqsadimizdir.

Shuningdek, aeroport hududida jamoat tartibini saqlash, shubhali holatlarning oldini olish va yoʻlovchilar uchun xotirjam muhit yaratish maqsadida profilaktik tadbirlar olib borilyapti. Zamonaviy kuzatuv vositalari va tajribali xodimlarning sergakligi jarayonning samaradorligini kafolatlamoqda.

Muxtasar aytganda, Sariosiyo aeroportining qayta ishga tushirilishi nafaqat transport tizimidagi yutuq, balki butun hududning iqtisodiy va ijtimoiy taraqqiyoti uchun yangi ufqlarni ochdi. Endilikda bu maskan taraqqiyot va farovonlikka eltuvchi muhim parvozlar nuqtasi boʻlib xizmat qilmoqda.


Feruza RAHMONQULOVA,

oʻz muxbirimiz.

Surxondaryo viloyati.