...Ertalab ishga otlangan podpolkovnik Sayyora Umartaeva mahalladagi uylardan birining eshigi oldida yigʻlab turgan kelinchakka koʻzi tushdi. Yoniga borib, undan hol-ahvol soʻradi. Xizmat kiyimidagi xodimni koʻrgan kelinchak darrov yigʻini toʻxtatib, arzimagan oilaviy muammosi borligini, uni uydagilari bilan oʻzaro kelishib olishini aytdi. Bu gaplarga ishonmagan podpolkovnik kelinchakni mahalla binosiga taklif qilib, u bilan dildan suhbatlashdi. Shundan keyingina koʻnglini ochgan ayol qaynonasi uzoq vaqtdan beri oʻgʻli ishga ketishi bilan uni koʻchaga haydab, onasinikiga ketishini talab qilayotganini bildirdi. 

Gap nimadaligini tushunib yetgan 

S. Umartaeva darhol mahalla faollari bilan birga, kelinchak yashaydigan xonadonga bordi. Olib borilgan tushuntirishlar natijasida oradan koʻp oʻtmay, qaynona kelini bilan oldingidek tinch hayot tarziga qaytdi. 

Bu kabi voqealar Yangiyoʻl tumani IIB HPB xotin-qizlar masalalari boʻyicha katta inspektori, podpolkovnik Sayyora Umartaevaning faoliyatida tez-tez uchrab turadi. Joriy yilning dastlabki 6 oyida uning saʼy-harakatlari bilan ajrim yoqasidagi 94 ta oilaning saqlab qolingani lavhamiz qahramonining oʻz kasbiga boʻlgan yuksak salohiyatidan dalolatdir.

 Hududda istiqomat qilayotgan koʻp ming sonli xotin-qizlarning haq-huquqlari va qonuniy manfaatlarini taʼminlashda podpolkovnik S.Umartaevaning xizmati beqiyos, – deydi tuman hokimi oʻrinbosari – oila va xotin-qizlar boʻlimi boshligʻi N.Normirzaeva. – U ayollarning yaqin doʻsti, ishonchli himoyachisiga aylangan, desak, aslo mubolagʻa boʻlmaydi.

Viloyat IIBB, prokuratura hamda tuman hokimligi bilan hamkorlikda «Xotin-qizlarni eʼzozlash haftaligi» tashkil etilib, uning doirasida turli mavzulardagi seminar-treninglar oʻtkazildi. Shuningdek, jazoni ijro etish muassasasidan ozod etilgan, probasiya boʻlimi roʻyxatida turgan hamda ilgari sudlangan shaxslarni ishga joylashtirish borasida mehnat yarmarkalari oʻtkazilib, 65 nafar xotin-qiz ish bilan taʼminlandi. Ayollarni tazyiq va zoʻravonlikdan himoya qilish maqsadida bir necha ayolga himoya orderlari berildi.

– Gender tenglik taʼminlanib kelinayotgan bugungi kunda yurtimizdagi barcha sohalar qatori, ichki ishlar organlari tizimida ham yosh xodimalar koʻpchilikni tashkil etmoqda, – deydi S.Umartaeva. – Shu boisdan, ularga doimo kasbiga sodiq qolib, uning qiyinchiliklarini sabot bilan yengishini, oilada esa barcha havas qiladigan namunali beka boʻlishini tilab qolaman. 

Mixli SAFAROV,

«Postda» muxbiri.

Toshkent viloyati.