Qishning dastlabki davrida oʻtqazilgan daraxt va gul koʻchatlari yuz foiz tutib ketadi, deb eshitgan edim. Qolaversa, havoni tozalashda dov-daraxtlarning ahamiyati katta. Shu maqsadda har yili mamlakatimizda “Yashil makon” umummilliy loyihasi amalga oshiriladi.   

Ayni kunlarda ham “Tozalik va ozodalik oyligi” doirasidagi ekologik va obodonlashtirish ishlari bilan uygʻun ravishda kuzgi nihol ekish ishlari boshlandi. Shuningdek, bogʻbonu dehqonlarimiz va xonadon sohiblari mevali daraxtlarni butab, shakl berishga kirishdi. 

Har yili yozgi, pishiqchilik payti meni bir narsa qiynab qoʻyadi. Hovlidagi oʻrik daraxtlardan birini pashsha talaydi. Bu, xalq tili bilan aytilganda: “shirincha” bosadi. Yoshi ulugʻlar bilan maslahatlashganimda daraxtning pastiga qoʻy juniga texnika “maz”i surtib boylashni aytishgan edi. Yaqinda ijtimoiy tarmoqlarni titkilaganimda daraxtlarning pastki qismiga maxsus “Yashil belbogʻ”lar oʻrnatilayotganini oʻqib qoldim va muammoga yechim topdim:

“Ushbu usulning mohiyati shundaki, qish mavsumida zararkunandalar sovuqdan saqlanish uchun issiq joy qidiradi va daraxt tanalariga oʻrnatilgan belbogʻlarga joylashib oladi. Keyinchalik mazkur belbogʻlar yechib olinib, yigʻilgan zararkunandalar yoqib yuboriladi. Bu esa kelgusi mavsumda bogʻlar hosildorligiga zarar yetkazuchi hashoratlar sonini keskin kamaytirishga xizmat qiladi.” 

–Belbogʻ qoʻyish usuli qadimdan mirishkor bogʻbonlar tomonidan qoʻllanib kelinayotgan eng samarali tadbirlardan biridir, –deydi Gʻijduvon tumanining eng chekka “Oqrabot” mahallasida yashovchi, niholchi-bogʻbon Qiyom bobo Gʻaybullayev. –Mazkur usul kimyoviy vositalarsiz ekologik toza va tabiiy yoʻl boʻlan zararkunandalar populyasiyasini kamaytirishga yordam beradi. Bugungi kunda ham bu tajriba zamonaviy agrotexnik choralar bilan uygʻunlashtirilib, samarali natija bermoqda. 

Xulosa qilib aytganimizda, bogʻ va mevazorlarda olib borilayotgan ishlar, ayniqsa, zararkunandalarga qarshi kurash tadbirlarining erta boshlanishi kelgusi mavsumda serhosil yilni taʼminlaydi. Va qishloq xoʻjaligi salohiyatini yanada mustahkamlashi shubhasiz. Shunday ekan, daraxtlarga “Yashil belbogʻ” bogʻlashni yoʻlga qoʻyalik.   

Mirzoqul AHADOV,

oʻz muxbirimiz.

Buxoro viloyati.