Shundan soʻng Xudoyberdi otasining bosh kiyimini kiyib:

– Katta boʻlsam, sizga oʻxshab mana shunday forma kiyaman, – derdi havas bilan. 

– Ilohim, niyatingga yet, oʻgʻlim. Faqat buning uchun sport bilan shugʻullanishing, chiniqishing, yaxshi oʻqishing kerak, – derdi Egamberdi aka undan xursand boʻlib.

Shunda u har gal otasiga oʻzicha qatʼiyat bilan vaʼda berardi... 

Xudoyberdi vaʼdasining ustidan chiqib, sport bilan ham shugʻullandi, maktabda yaxshi oʻqidi ham. Intilganga tole yor, deb bejiz aytilmagan. 

Chin koʻngildan orzu qilsangiz, astoyidil intilsangiz bir kuni niyatingiz roʻyobga chiqarkan. 

2006-yili Xudoyberdi uchun omadli keldi – safdor unvoni berilib, viloyat IIB YHXB 1-safarbarlik guruhi YPX inspektori lavozimiga qabul qilindi. 2008–2014-yillarda kichik serjant X.Shodmonov viloyat IIB YHXB YPXO shtabi katta inspektori, 2014–2018-yillarda esa viloyat IIB YHXB Maʼmuriy amaliyot boʻlimi inspektori lavozimlarida xizmat qilib, sohaning past-balandini puxta bilib oldi. Ofitser boʻlish niyatida 2018-yili IIV Akademiyasining sirtqi yoʻnalishiga oʻqishga kirdi. Boʻlajak ofitser oʻsha yili viloyat IIB YHXB YPXO 5-safarbarlik guruhi komandiri vazifasini bajaruvchi etib tayinlandi.

Lavhamiz qahramonining galdagi niyati ham amalga oshib, 2022-yilda IIV Akademiyasini muvaffaqiyatli tugatgach, unga leytenant unvoni berildi. Xudoyberdi Shodmonov hozirda viloyat IIB YHXB YPXB 3-safarbarlik guruhi komandiri lavozimida foliyat yuritib kelyapti. 

Buni qarangki, tizimda ish boshlaganiga ham koʻz ochib yumguncha oʻn sakkiz yildan oshibdi. Uzoq yillik faoliyati davomida qanchalab qiyinchiliklarni yengib oʻtmadi, deysiz. Yoʻl-transport hodisalarining oldini olish, qoidabuzarlarni aniqlash, harakat ishtirokchilarining yoʻllarda harakatlanish madaniyatini yuksaltirish borasida koʻplab ishlarni amalga oshirdi. 

Soha vakillariga qoidabuzarlar qilgʻiligʻini yashirish uchun pora taklif qilish holatlari uchrab turadi. Buni X.Shodmonov oʻz tajribasidan yaxshi biladi. U halolligi, yuzi yorugʻligi uchun rahbariyatning nazaridan tushmay kelyapti.

Yaqinda Gʻijduvon tumani hududida joylashgan «Sarmijon» muntazam YPX maskanida Xorazm viloyati Qoʻshkoʻpir tumanida yashovchi A.A. tomonidan taqdim etilgan haydovchilik guvohnomasi qalbaki ekanligini aniqladi. Haydovchiga ushbu holat yuzasidan bayonnoma rasmiylashtirib, hujjatini olib qoʻyishini tushuntirdi. Ammo A.A. yopigʻliq qozon yopigʻligʻicha qolishi evaziga 100 AQSH dollari taklif qildi. Leytenant X. Shodmonov haydovchiga bu harakati jinoyat ekanligini tushuntirdi. Shunga qaramasdan haydovchi unga chora koʻrmasligini iltimos qilib, qayta-qayta pul taklif qilaverdi. 

Leytenant Xudoyberdi Shodmonov mazkur holat boʻyicha viloyat IIB boshligʻi nomiga bildirgi bilan murojaat qildi. Uning bildirgisi asosida tegishli sohaviy xizmat xodimlari tomonidan tezkor tadbir oʻtkazildi. Tadbir chogʻida A.A. jinoyat ustida ushlandi. Pora sifatida berilgan 100 AQSH dollari esa xolislar ishtirokida ashyoviy dalil sifatida olindi. 

 – Rahmatli otamiz bizlarni tarbiyalashda qattiqqoʻl, talabchan edi. Endi ishga kirgan paytimda: «Xizmating asosan yoʻlda kechadi. Avvalo, haydovchilarni hurmat qil, ularga xatolarini takror-takror tushuntirishdan erinma. Xatosini anglasa, bu sening yutugʻing. Eng asosiysi, halollikni oʻzingga shior qilib ol. Shunda kasbingdan baraka topasan. Xizmat intizomiga qatʼiy amal qilsang, kam boʻlmaysan», deb tayinlagandi. Otamning ushbu oʻgitlarini doimo yodda tutaman, – deydi leytenant Xudoyberdi Shodmonov. 

Haqiqatan ham, lavhamiz qahramoni otasining yoʻl-yoʻriqlariga, oʻgitlariga amal qilib kam boʻlmadi. Qaysi bir hamkasbidan soʻramang, leytenant Xudoyberdi Shodmonovni namunali guruh komandiri, fidoyi xodim sifatida hurmat bilan tilga oladi. 

Mirzoqul AHADOV,

oʻz muxbirimiz.

Buxoro viloyati.