Buxoro tumandagi Galaosiyo dehqon bozoriga tutash M-Z7 “Samarqand¬Buxoro-Turkmanboshi” avtomobil yoʻlining 258,5 km qismida joriy yil iyun oyida piyodalar yer osti oʻtish yoʻli qurilishi boshlangan edi. Yaqinda inshoot qurilishi yakunlanib, foydalanishga topshirildi.
Bu aholiga oʻziga xos bayram tuhfasi boʻldi. Zero, bu inshoot yoʻldagi tirbandlikni kamaytirishda, avtomobillar yoqilgʻisi sarfini kamaytirishda, piyodalar xavfsizligini taʼminlashda qoʻl keladi. Shuningdek, Buxoro shahrida eng gavjum va tirband nuqtalardan biri sanalgan Qayum Murtazoev koʻchasi, markaziy dorixona binosi oldida bajarilgan loyiha tufayli endilikda undan bir kecha-kunduzda 5 mingdan kam boʻlmagan yoʻlovchi foydalanish imkoniga ega boʻldi.
Muhammad Iqbol koʻchasida, Buxoro davlat universiteti oldida bunyod etilgan navbatdagi zamonaviy uslubdagi yer osti piyodalar oʻtish yoʻli inshooti ham foydalanishga topshirildi.
Yangi yil shodiyonasi oldidan “Jondor” avtoshohbekati roʻparasida ham qulay va zamonaviy uslubdagi yer osti piyodalar oʻtish yoʻli barpo qilinib, foydalanishga topshirilgani yurtdoshlarimizga bayram tuhfasi boʻldi.
Toʻrtta yer osti piyodalar oʻtish inshootining foydalanishga topshirilishi katta tantanaga aylandi. Tadbirlarda viloyat sektor rahbarlari, yoʻl qurilishiga daxldor idora va tashkilotlar rahbarlari, jamoatchilik vakillari, ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etishdi.
Tadbirda yer osti piyodalar oʻtish yoʻllari qurilishida alohida jonbozlik koʻrsatgan yoʻlsoz muhandis-quruvchilar mehnati alohida eʼtirof etildi va ular munosib ragʻbatlantirildi.
Buxoro viloyati IIB Axborot xizmati.
