Mamlakatimizda muddatli harbiy xizmatni oʻtab, zaxiraga boʻshatilgan yoshlar eʼtibordan chetda qolmaydi. Koʻpgina yigitlar shartnoma asosida xizmat qilishda davom etadi.
Qashqadaryo viloyatining Yakkabogʻ tumanida tugʻilgan Jamshid Xolmirzaev maktab yillaridanoq ichki ishlar organlarida xizmat qilgan togʻasi Abdi akaga havas qildi.
Maktabni tugatgach, u hech ikkilanmay Jamoat xavfsizligi universitetiga hujjat topshirdi va oʻqishga kirdi. Taʼlim muassasasini bitirgach, 7535-sonli harbiy qismda faoliyatini boshladi. Oʻtgan yili yosh ofiser Andijon shahridagi 7553-sonli harbiy qismga oʻtkazildi.
– Vatan himoyachisi boʻlish har bir fuqaroning sharafli vazifasidir, – deydi leytenant
J. Xolmirzayev. – Yurtimizni turli tahdidlardan saqlash, uni himoya qilish va oʻz muqaddas burchimizni ado etish har birimizga, Vatan oʻgʻlonlariga bogʻliq.
Shahboz Hamroev Navoiy viloyatining Qiziltepa tumanida voyaga yetgan. U Chegara qoʻshinlarida harbiy xizmatni oʻtab qaytgach, shartnoma asosida xizmatni davom ettirishga qatʼiy qaror qildi. Hozir oddiy askar Sh.Hamroyev uchinchi toifali nazoratchi-oʻqchi. Bu yil u ofiser boʻlish uchun Jamoat xavfsizligi universitetining sirtqi boʻlimiga oʻqishga kirmoqchi.
– Armiya – tartib-intizom, qatʼiy kun tartibi, tegishli mutaxassislikni oʻzlashtirish imkoniyati demak. Biz bu jasorat, chiniqish va chidamlilik maktabidan oʻtib, haqiqiy yigit boʻlib shakllanamiz, – deydi oddiy askar Sh. Hamroyev.
Oʻktam Hamroev esa Qarshi shahrida tugʻilib oʻsgan. U oʻtkazish-nazorat punkti boshligʻi. Kelajakda oʻqituvchi boʻlishni orzu qiladi va shu maqsadda bu yil Andijon davlat universiteti tarix fakultetining sirtqi boʻlimiga oʻqishga kirishni niyat qilgan.
– Armiya menga eng muhim jihatni – insonlarning farqiga borishni oʻrgatdi, – deydi
Oʻ. Hamroyev. – Haqiqiy doʻstlarning qadriga yetish, ustuvor vazifalarni belgilashni xulq-atvoriga singdirdim. Eng muhimi, harbiy xizmat ruhni chiniqtiradi, mard va jasur qilib tarbiyalaydi.
Boris KLEYMAN.
Andijon viloyati.
Suratda: (chapdan) oddiy askar Shahboz Hamroyev, leytenant Jamshid Xolmirzayev, oddiy askar Oʻktam Hamroyev.
