«Ustoz» degan yuksak maqomga erishgan, har qancha maqtov va eʼtiroflarga loyiq insonlar sirasiga Oʻzbekiston hamda Qoraqalpogʻiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan yurist, Tabiat va jamiyat fanlari xalqaro akademiyasining akademigi, yuridik fanlar doktori, professor, general-mayor Ubaydulla Tadjixanovni ham kiritish mumkin. 

HAYOT MAZMUNI

Umrining 23 yilini bevosita ichki ishlar organlari ravnaqiga bagʻishlagan, 1982-yildan pedagogik va ilmiy faoliyatini boshlagan general-mayor U. Tadjixanov hayot yoʻlini oʻz xalqiga, ona Vataniga sadoqat bilan xizmat qilish yoʻli deb atash mumkin.

1992-yildan Oliy maktab, 1994-yil sentabridan 2004-yil sentabr oyigacha IIV Akademiyasi boshligʻi lavozimida faoliyat koʻrsatgan fidoyi ustoz rahbarligida Akademiyada katta bunyodkorlik ishlari amalga oshirildi. Yangi oʻquv binolari, zamonaviy auditoriyalar, yotoqxonalar, sanatoriya-sogʻlomlashtirish markazi bunyod etildi, Madaniyat saroyi, sport kompleksi, oshxona kabi koʻplab inshootlar qayta qurildi. Akademiya unda faoliyat olib borayotgan ustoz-murabbiylar va taʼlim olayotgan kursantlar gʻururlanadigan tom maʼnodagi taʼlim-tarbiya, ilm, madaniyat va maʼrifat maskaniga aylandi. 

General U. Tadjixanov tashab­busi bilan 1997-yilda Akademiya professor-oʻqituvchilari, qolaversa, respublikamizning turli soha olimlari ilmiy izlanishlarining natijalarini yoritish maqsadida «Oʻzbekiston Respublikasi IIV Akademiyasining axborotnomasi» choraklik ilmiy-amaliy yuridik nashri faoliyati yoʻlga qoʻyilgan. Uning sahifalarida mamlakatimizning ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy-huquqiy hayotiga, davlatchilik, qonunchilik, huquq-tartibot, maʼnaviyat va maʼrifat hamda taʼlim-tarbiya sohalariga oid ilmiy maqolalar berib borildi.

Akademiyaning ilmiy jamoatchiligi Oʻzbekiston Respublikasining Konstitusiyasi, Jinoyat kodeksi hamda Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksini yaratishda, ichki ishlar organlari faoliyatining huquqiy asoslarini belgilab beruvchi bir qator normativ-huquqiy hujjatlarning lo­yihalarini ishlab chiqishda bevosita qatnashib, ijtimoiy hayotni va davlat boshqaruvini erkinlashtirish, sud-huquq tizimini isloh qilishda faol ishtirok etdi. 

Bir soʻz bilan aytganda, ustoz rahbarligida Akademiyaning ilmiy salohiyati nihoyatda yuksalib, huquq, falsafa, siyosat, tarix va kasbiy sohalarni jadal rivoj­lantirishga imkon berdi. 

Ayni paytda sharqu gʻarbdagi bir qator yetakchi davlatlarning ichki ishlar organlari uchun xodimlar tayyorlaydigan oliygohlari bilan xalqaro hamkorlik aloqalari oʻrnatildiki, natijada ilgʻor tajribalarni oʻrganish, kursantlarning xorij mamlakatlarida amaliyot oʻtashi va taʼlim tizimini innovasion gʻoyalar bilan boyitish imkoniyati yaratildi. 

EGILMAGAN BOSN

«Egilgan boshni qilich kesmaydi» naqli qulogʻingizga chalingan chiqar. Lekin oʻtgan asrning 80-yillarida yuz bergan yuzsizliklar shuni koʻrsatdiki, ne-ne egilgan boshlarni ham Gdlyan va Ivanovlar qoʻlidagi qonli qilichlar chopib tashladi. Faqat irodasi metin, soʻzida sobit insonlargina bosh egishni or bildi, tiz choʻkib yashalgan hayotni dor bildi...

Oʻz soʻzida sobit Ubaydulla Tadjixanovich oʻta irodali va sabr-bardoshli inson edi. Ustozning bu xislati juda katta 

qi­yinchiliklar, azobu uqubatlarga duchor boʻlganda yanada yaqqolroq namoyon boʻldi. U 1986-yilda toʻsatdan qamoqqa olinadi va roppa-rosa uch yilu 23 kun panjara ortida yotadi. Moskvaning eng «taniqli» qamoqxonalarida saqlanayotgan residivistlar bilan bir kameraga joylashtirib, soʻngsiz qiynoqlarga solingan Ubaydulla Tadjixanov barcha qiyinchiliklarga chidadi. Lekin egilmadi. 1989 yilda toʻla oqlandi. Uning bekor qilingan unvonlari qaytarib berilib, lavozimiga qayta tiklandi...

«KRUJKA»

U. Tadjixanovning xonasiga kirganlar stol ustidagi alyuminiy «krujka»ga koʻzi tushgan boʻlsa kerak. Ustoz bu idishdan foydalanmas, lekin uni tashlab ham yubormasdi. Oʻzining aytishicha, bu idish oʻsha nohaq chekilgan azob­lar, aybsiz yaqinlarining alamga toʻla kechgan kunlari, ularning koʻz oʻngida jannatga aylantirilgan xonadonining gʻorat qilinishi, pul va boshqa boyliklarni izlab hatto bolalarining oʻyinchoqlarigacha buzib tashlanganini eslatib turadi. 

Lekin, shuni ham taʼkidlash joizki, ustoz ozodlikka chiqqach, alamzadalikka berilmadi. Aksincha, bor mehrini, bilim va iqtidorini soha rivojiga, chinakam xalqchil ichki ishlar organlari xodimlarini tayyorlashga, odamlarga yaxshilik qilishga bagʻishladi.

YAXSNIDAN QOLGAN BOGʻ

Xalqimizda «Yaxshidan bogʻ qoladi...» degan purmaʼno hikmat bor. Yana «Insonni azalu abad eslatib turuvchi uch narsa bor», deyiladi muqaddas kitoblarimizda. Yaʼniki, inson qoʻli bilan yaralgan bogʻ, qalamidan toʻkilgan asarlar, solih farzandlaru sodiq shogirdlar afkor omma qalbida tiklangan muhtasham haykalga aylanarkan. Ustozning baxti butunligi, xotirasi toabad nurga chulgʻanganligining isboti shuki, unda har uchalasi mujassamdir.

U.Tadjixanov rahbarligida Akademiya hududida xuddi tinchlik va osoyishtalikni taʼminlash uchun saf tortgan xodimlardek bir tekis archazorlar, tevarak-atrofga xush boʻyi­ni taratib turgan anvoyi gullar va sarxil mevalarini koʻz-koʻz qilayotgan bogʻlar yaratildiki, ulardan bahramand boʻlganlar ustoz haqqiga duoda boʻlishi begumon.

Har biri ikki jilddan iborat «Huquqiy madaniyat nazariyasi», «Davlat va huquq nazariyasi», «Oʻzbekiston Respublikasining konstitusiyaviy huquqi», «Davlat va huquq asoslari» kabi oʻnlab darsliklar, monografiyalar, oʻquv qoʻllanmalari hamda koʻplab ilmiy maqolalar ham U. Tadjixanov yaratgan bogʻning mevalaridir. 

Akademiya singari nufuzli taʼlim maskanida 1992–2004-yillarda ichki ishlar organlari uchun 10 mingdan ortiq malakali mutaxassis kadrlar tayyorlandi. Ulardan mohir izquvarlar, zukko tergovchilar, dono profilaktika inspektorlari, sinchkov ekspert-kriminalistlarning yangi avlodi yetishib chiqdi. Bugun ustoz­ning haqli ravishda shogirdlari deb atash mumkin boʻlgan bu avlod vakillari davlat hokimiyati hamda huquqni muhofaza qiluvchi organlarning deyarli barcha sohalarida samarali xizmat qilmoqda. 

U. Tadjixanovning saʼy-harakatlari bilan mamlakatimizdagina emas, mintaqada ham eng nufuzli taʼlim maskanlaridan biriga aylangan IIV Akademiyasini bitirgan ichki ishlar organlari xodimlari nafaqat Oʻzbekistonda, balki Markaziy Osiyo davlatlarida ham katta lavozimlarda va unvonlarda samarali xizmat qilib, pensiyaga chiqishgan. Hozirgacha Akademiyani 20, 30 yil avval bitirgan xodimlar tez-tez oliy dargoh hududida yigʻilishib, u yerda oʻtgan kunlarini va albatta benazir ustozni eslab turishadi. 

Shuningdek, MDH davlatlarida ushbu nufuzli dargohni bitirib, yuqori unvonlarda va rahbarlik lavozimlarida bir qator uning shogirdlari xizmat qilayotgani ham eʼtirofga sazovor.

Ustoz umri va sevimli kasbining bardavomligini taʼminlovchi uchinchi omil uning dilbandlaridir. U. Tadjixanovning har uchala oʻgʻli ham ota izidan borib, ichki ishlar organlari taraqqiysiga xizmat qilishgan. 

Isteʼfodagi podpolkovniklar Bahodir va Baxtiyor Tadjixanovlar yuridik fanlar nomzodi ilmiy darajasini olishga erishgan boʻlsa, kenja oʻgʻil – isteʼfodagi podpolkovnik, yuridik fanlar nomzodi, dosent Bahrom Ubaydullayev Akademiya kursantlariga jinoyat huquqi fanidan saboq bergan.

Quvonarlisi, ustozning evarasi, yaʼni katta qizining nevarasi Akbarshoh Bahromov ham katta bobosining yoʻlidan borish maqsadida IIV Toshkent akademik liseyining oxirgi bosqichida tahsil olmoqda.

SOʻNGSOʻZ OʻRNIDA

Ubaydulla Tadjixanovich hayot boʻlganda, bu yil 85 bahorni qarshilagan boʻlardi. Afsuski, bugun mehribon ustoz oramizda yoʻq, lekin ustoz-murab­biyning zalvorli umri va boy hayotiy merosi bugun yosh xodimlar va kelajak avlod uchun ibrat maktabi boʻlib xizmat qilishi, shubhasiz. Zero, general-mayor Ubaydulla Tadjixanov singari oʻz hayotini, umrini el-yurt tinchligi, osoyishtaligini saqlashga, Vatanining ravnaqi, gullab-yashnashiga, respub­lika huquqni muhofaza qiluvchi organlari uchun yetuk 

kadrlar tayyorlashga hissa qoʻshishga baxsh etgan insonlar xotirasi qalblarda mangu yashaydi. 

Bir guruh shogirdlari.