Husen Ochilov Buxoro viloyatining Kogon tumanida tugʻilgan. Oʻrta taʼlim maktabini tugatib, Oʻzbekiston Respublikasi Jamoat xavfsizligi universitetiga oʻqishga kirdi. Oliy taʼlim muassasasini tamomlagach, Yunusobod tumani IIOFMB huzuridagi tergov boʻlimida xizmat faoliyatini boshladi.
Leytenant H. Ochilovga katta tergovchi, mayor Hamid Qurbonov murabbiy etib biriktirildi. Ziyolilar oilasida dunyoga kelgan Husenning ota-onasi, ikki akasi va ikki opasi – barchasi oʻqituvchi.
– Men ham oʻqituvchilikni eng ulugʻ kasblardan biri deb bilaman, – deydi qahramonimiz. – Ota-onamning yuzlab shogirdlari bor. Ular ustoz, deya yoʻqlab kelganda yoki koʻcha-koʻyda domlamizning oʻgʻli ekansiz-da, deyishganda, ich-ichimdan xursand boʻlib ketganman va shu kasb egasi boʻlishga ishtiyoqim ortgan. Lekin ichki ishlar organlari xodimi boʻlish, yurt tinchligi va osoyishtaligini taʼminlashdek sharafli kasbga boʻlgan intilish ustunroq keldi. Ota-onamga bu haqda aytganimda, ular qarshilik koʻrsatishmadi. Aksincha, oq fotiha berib, duo qilishdi. Ularning duolari ijobat boʻlib, bugun ichki ishlar organlari xodimi libosini kiyish baxtiga muyassar boʻlib turibman.
Aslida kasblarning yaxshi-yomoni boʻlmaydi, har birining oʻz oʻrni bor. Oʻqituvchilar zurriyodi boʻlgan qahramonimiz ham oʻziga murabbiy qilib biriktirilgan mayor Hamid Qurbonov, shuningdek, katta tergovchi, mayor Odil Danaboev hamda tergovchi Saydulla Saydullaevlarni xuddi otasidek hurmat qilib, aytganlarini bajonidil bajaradi. Shundan boʻlsa kerak, faoliyat boshlaganiga endigina 3 oy boʻlayotganiga qaramay, bevosita ustozining koʻmagi ostida 5 ta jinoyat ishi boʻyicha tergov harakatlarini olib bordi. Ayblanuvchilarga nisbatan dalil va isbotlarni toʻplab, jinoyat ishlarini qonunda koʻrsatilgan tartibda sudga yubordi.
Leytenant H. Ochilov katta yoʻl boshida turibdi. U hali qanchadan-qancha dovonlar oshishi zarur. Ustozlaridek yetuk tergovchi boʻlib yetishishi uchun bilimi, tajribasi va koʻnikmasini yanada oshirishi lozimligini yurakdan his qilib turgan qahramonimizning kelgusida bularning barchasini uddalashiga ishonchimiz komil.
Sarvar SOBIROV,
«Postda» muxbiri.
Toshkent shahri.
