Toshkent shahar IIBB JTSB Patrul-post xizmati brigadasi “Sharq” yoʻl-patrul xizmati maskani safdor xodimi, safdor Temur Sunnatullayev 1996-yilda tavallud topgan. Ichki ishlar organlarida faoliyat boshlaganiga 7 yil toʻldi. Shu vaqt orligʻida u ustozlari va hamkasblaridan bilmaganlarini oʻrgandi, tajriba orttirdi.
Uning xizmat olib borayotgan joyidan kuniga minglab transport vositalari oʻtib-qaytadi. Poytaxtning darvozasiga mengzaladigan “Sharq” yoʻl-patrul xizmati maskanida xizmat olib borar ekan, qahramonimiz har bir oʻtayotgan transport vositasini oʻta sinchkov nigoh bilan kuzatib turadi. U 2024-yilning oʻtgan davri mobaynida 10 ga yaqin jinoyatni “issiq izidan” ochishga muvaffaq boʻldi.
Taxminan soat 14:20 lar edi. Safdor Temur Sunnatullayev har doimgidek oʻz xizmat vazifasini oʻtayotgan payt. YPX inspektori “Neksiya-3” rusumli avtoulovni toʻxtatadi. Namangan viloyatidan poytaxtga kelayotgan ushbu “temir tulpor” haydovchisi hujjatlarini YPX xodimiga taqdim qiladi. Lekin mashina salonida oʻtirgan yoʻlovchining koʻzidagi xavotirli nigoh safdor T.Sunnatullayevda shubha oʻygʻotadi. Shundan soʻng ushbu yoʻlovchi xolislar ishtirokida tekshirib koʻrilganida, uning yonidan giyohvandlik moddasi borligi aniqlanadi. Mazkur fuqaroga nisbatan hujjatlar rasmiylashtirilib, Bektemir tumani IIOFMBga topshiriladi.
Sarvar SOBIROV,
oʻz muxbirimiz.
Toshkent shahri.
