Yaqinda Ichki ishlar vaziri, general-leytenant Poʻlat Bobojonov huzurida ilgari turli sabablar bilan ichki ishlar organlaridan boʻshatilgan xodimlar ishtirokida qabul boʻlib oʻtdi. Murojaatchilar orasida qariyb 22 yil sohada faoliyat yuritib, 12 yil muqaddam tizimdan nohaq boʻshatilgan Toʻlqinjon Ahmadaliyev ham bor edi. U vazir qoʻlidan «podpolkovnik» unvonini qabul qilib olarkan, orzulari osmonini qora bulutlar qoplagan onlarni eslab, koʻzlari namlandi.
...2011-yilning 8-fevral sanasi T.Ahmadaliyev xotirasida bir umr eng mudhish kun sifatida saqlanib qoldi. Uchtepa tumani IIB XChK va FRB boshligʻi lavozimidan Yunusobod tumani IIB HOOB guruh katta inspektori lavozimiga oʻtkazilgan lavhamiz qahramoni shu kuni sababsiz qamoqqa olindi. Ayblovni eshitgan T.Ahmadaliyev hayron qoldi. Goʻyoki 2009-yilda Uchtepa tumani IIB XCHK va FRBda faoliyat olib borgan vaqtda bir fuqarodan katta miqdorda pora olib, uni
doimiy roʻyxatga qoʻygan.
T. Ahmadaliyev aslida qilmagan ishini tan olmagan boʻlsa-da, 2011-yilning 15-iyulida unga sud tomonidan ozodlikdan mahrum etish jazosi qoʻllanilgan.
Ozodlikka chiqqach, qahramonimiz aybi yoʻqligi tufayli oqlanishini talab etib, bir necha bor tegishli idoralarga murojaat qiladi. Ammo ijobiy natija boʻlmadi. Yorugʻ kunlar kelishini kutib yashagan T.Ahmadaliyev kabi koʻplab aybsiz insonlar Prezidentimiz tomonidan olib borilayotgan odilona siyosat tufayli oqlandi.
Toʻlqinjon Ahmadaliyev ham oʻzining aybsizligini isbotlash, adolatni qaror toptirish hamda huquqini tiklash uchun Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudiga murojaat qildi. Sud majlisida haqiqat qaror topib, oqlov hukmi eʼlon qilindi. 2022-yilda fuqarolik ishlari boʻyicha Mirobod tumanlararo sudida uni ishga qayta tiklash boʻyicha qaror chiqarildi.
Umr osmonida qora bulutlar tarqab, yorugʻ kunlar ham yetib keldi. Ikki yildan ortiq panjara ortida kechgan, bir necha yillik sarson-sargardonlikdan soʻng yana oʻzi sevgan kasbida faoliyatini davom ettirish baxti nasib etganidan nafaqat T. Ahmadaliyev, balki uning barcha yaqinlari va hamkasblari ham ich-ichidan sevinishdi.
– Oʻsha mashʼum kunlarda oynadan aftoda holimni koʻrib xoʻrligim keldi, – deydi Toʻlqinjon Ahmadaliyev. – Bir kuni ichimdan bir ovoz «Shunday ahvolga tushib qoldingmi», dedi. Ikki ovozda jaranglagan ichki kuch meni bir necha marta shu koʻyga soldi. Oxiri nima boʻlsa, boʻldi, deya derazaga yaqinlashganimda, pastda ota-onam, turmush oʻrtogʻim hamda farzandlarimga koʻzim tushdi. Ular har kuni endi nima boʻlar ekan, deya mening ortimdan kelib, kutib oʻtirardi. Tuyqus oʻzimga keldim. Men hali kurashishim kerak, sabr qilib chidashim lozimligini ichimdan his etdim.
Ha, T. Ahmadaliyev barchasiga bardosh berdi.
U kutgan yorugʻ kunlar keldi. Quvonarlisi, u ham xizmat kiyimini yana bir bor kiyib, oʻgʻli – IIV Akademiyasi bitiruvchisi, kursant Nurmuhammad Erkinjonov bilan birgalikda yurt tinchligi va osoyishtaligi yoʻlida xizmat qilishni oʻz oldiga maqsad qilib qoʻygan.
Sarvar SOBIROV,
«Postda» muxbiri.
Toshkent shahri.
