Tadbir

Ichki ishlar organlari xodimlarini boshlangʻich tayyorlash va malakasini oshirish Toshkent shahar markazida navbatdagi oʻquv yigʻiniga kelgan yoʻl harakati xavfsizligi, patrul-post, migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish hamda boshqa xizmatlar yoʻnalishi boʻyicha faoliyat olib borayotgan xodimlar uchun mashgʻulotlar jarayoni boshlandi. Shu munosabat bilan ushbu xodimlar bilan dastlabki xizmatoldi yoʻriqnomasiga bagʻishlangan tadbir boʻlib oʻtdi. 

Tadbir avvalida soʻz olgan Ichki ishlar vazirining oʻrinbosari, polkovnik Rustam Xatamov yigʻin tizimda olib borilayotgan keng qamrovli islohotlar va erishilayotgan natijalarga toʻxtalib, bundan koʻzlangan asosiy maqsad jonajon xalqimiz tinchligi va farovonligini taʼminlashdan iborat ekanligini taʼkidladi. Shuningdek, vazir oʻrinbosari xodimlarga yaratib berilayotgan qulay imkoniyat va shart-sharoitlarga javoban tamagirlik, poraxoʻrlik va xizmat vazifasini suiisteʼmol qilish kabi salbiy holatlarga yoʻl qoʻymaslik, yurt osoyishtaligi yoʻlida sadoqat va halollik bilan xizmat qilish lozimligini uqtirdi. Qolaversa, xodimlar oʻz ustida tinimsiz oʻqib-izlanib, bilim va malakasini oshirishi, shu bilan birga, zamonaviy axborot texnologiyalarini mukammal oʻzlashtirgan holda, raqobatbardosh kadrlar boʻlib yetishishi maqsadga muvofiqligini qayd etdi.

Shundan soʻng soʻzga chiqqan markaz boshligʻi, polkovnik Alisher Usmonov bu yerga kelgan yosh xodimlarni oʻqitish va malakasini oshirish uchun barcha imkoniyatlar yaratilganligini taʼkidladi.

Koʻtarinki ruhda kechgan tadbir yakunida shaxdam qadamlar bilan saf maydonidan oʻtgan yigʻin ishtirokchilari ona Vatanni madh etuvchi qoʻshiqlarni kuylab, barchani xushnud etishdi. 

Mixli SAFAROV,

«Postda» muxbiri.

Ikrom HASANOV olgan suratlar.