Termiz shahrida joylashgan viloyat Ichki ishlar boshqarmasining Voyaga yetmaganlarga ijtimoiy-huquqiy yordam koʻrsatish markazida “ogʻir toifa”dagi yoshlar bilan ochiq muloqot oʻtkazildi. Uchrashuv davomida yoshlar bilan yuzma-yuz suhbat qilinib, ularni kasb-hunarga oʻqitish hamda sayohatlarga jalb etish boʻyicha tashabbuslar ilgari surildi.
Xususan, tadbir doirasida Surxondaryo viloyat Yoshlar ishlari boshqarmasi tashabbusi bilan “Qizlar ovozi” klubi koordinatorlari hamda Oʻzbekiston bolalar tashkilotining “Bolalar harakati” viloyat sardorlari ishtirokida navbatdagi uchrashuv tashkil etildi.
Muloqot jarayonida qizlarning qiziqishlari, ichki kechinmalari va takliflari tinglandi. Har bir ishtirokchining holati alohida oʻrganilib, imkon qadar amaliy va psixologik koʻmak koʻrsatishga eʼtibor qaratildi.
Shuningdek, tadbir dasturidan intellektual oʻyinlar hamda qiziqarli savol-javoblar oʻrin oldi. Bu jarayon yoshlarning kayfiyatini koʻtarish, ularning faolligini oshirish va jamoaviy ruhni mustahkamlashga xizmat qildi. Tadbir yakunida faol ishtirok etgan yoshlarga tashakkurnomalar va esdalik sovgʻalari topshirildi.
Oʻz muxbirimiz,
Surxondaryo viloyati.
