Joriy yilning 11-aprel kuni respublikamiz Prezidenti raisligida yoshlar siyosati sohasidagi ishlar natijadorligini oshirish chora-tadbirlariga bagʻishlangan yigʻilish oʻtkazilgan va mazkur tadbirda davlat idoralari masʼullariga yoshlarni biriktirish tashabbusi koʻtarilgan edi. Shu maʼnoda Jizzax viloyati IIB boshligʻi, general-mayor Gʻayrat Qodirovga 55 nafar yoshlar biriktirilgan boʻlib, 3-sektor rahbari tomonidan ularning muammolarini hal qilish choralari koʻrilmoqda.
Jumladan, Jizzax shahrining «Ittifoq» mahallasida yashovchi Maqsud Murodullaevning tugʻilganlik toʻgʻrisidagi guvohnomasi va fuqarolik pasporti yoʻqligi aniqlanib, unga ushbu hujjatlarni rasmiylashtirish choralari koʻrildi. Maqsud Murodullaevga tugʻilganlik toʻgʻrisidagi guvohnoma hamda ID kartani viloyat IIB boshligʻi, general-mayor Gʻayrat Qodirov topshirdi.
Shuningdek, viloyat IIB hisobidan Jizzax shahrining «Tinchlik» mahallasida yashovchi Doston Botirovning turar joyi kadastr hujjatlari rasmiylashtirilib berildi. Ayni vaqtda uning uyini taʼmirlash va elektr taʼminoti uzluksizligini taʼminlash choralari koʻrilayotir.
Alijon ABDUSATTOROV,
“Postda” muxbiri.
Jizzax viloyati.