Oʻtgan haftada Jizzax viloyati ichki ishlar boshqarmasi boshligʻi, general-mayor Gʻayrat Qodirov Arnasoy tumanida sayyor qabul hamda yoshlar bilan uchrashuv oʻtkazgan edi. Mazkur muloqot davomida yoshlar tomonidan tumanda IT park faoliyatini yoʻlga qoʻyish, gimnastika mashgʻulotlarini tashkil etish, jurnalistika toʻgaragini ochish, internet tarmogʻiga ulanish, yurtimizning diqqatga sazovar manzillari, xususan Jizzax shahridagi “IT parkka sayohat uyushtirish kabi qator takliflar bildirildi.

Shu maʼnoda, viloyat ichki ishlar boshqarmasi tomonidan Arnasoy tumanidagi umumtaʼlim hamda kasb-hunar maktablarining bir guruh oʻquvchilarining Jizzax shahriga sayohati tashkil qilindi. Yoshlar dastlab viloyat hokimligidagi IT parkda boʻldilar. Bu yerda ular park imkoniyatlari bilan yaqindan tanishdi.

Aytish joiz, mazkur IT parkda yoshlar kompyuter savodxonligi, veb dasturlash, mobil ilova yaratish, mobil robototexnika, grafik dizayn, kiber sport, IT english yoʻnalishlarida bilimlarini oshirishi mumkin. Tadbir jarayonida biznes gʻoyalar va loyihalarni amalga oshirish, tadbirkorlik faoliyatini yoʻlga qoʻyish, hamkorlar topish hamda fliranserlik faoliyati boʻyicha tushunchalar berildi.

Arnasoylik yoshlar Jizzax viloyati tarixi va madaniyati davlat muzeyining Hamid Olimjon va Zulfiya filialida ham boʻlishdi. 1826 ta eksponatga ega mazkur muzeyda Hamid Olimjon va Zulfiyaning hayoti va ijodi haqida batafsil maʼlumot berildi. Jizzax viloyati ichki ishlar boshqarmasi boshligʻi, uchinchi sektor rahbari Gʻayrat Qodirovning navbatdagi sayyor qabuli hamda yoshlar bilan uchrashuvi Gʻallaorol tumanida boʻlib oʻtadi.

Alijon ABDUSATTOROV,

“Rostda” muxbiri.

Jizzax viloyati.