Fargʻona viloyati IIB boshligʻi, general-mayor Azizbek Ikramov oʻziga biriktirilgan yoshlar bilan muntazam ravishda uchrashuv va muloqotlar tashkil etib, ularning orzu-intilishlariga qanot bagʻishlamoqda.
Qoʻqon davlat universitetida tashkil etilgan navbatdagi “General va yoshlar uchrashuvi” ham ana shunday ezgu maqsadlarni oʻzida mujassam etgani gʻoyat ahamiyatli boʻldi.
Uchrashuv avvalida oliygoh hovlisida harbiy texnikalar namoyishi tashkil etildi. Milliy hunarmandchilik naʼmunalari koʻrgazmasi ham yigʻilganlarning eʼtiborini jalb etdi. Tezkor vazifalarni bajaruvchi safarbar otryadi xodimlarining koʻrgazmali chiqishlari esa yoshlarning hayrat va hayajoniga sabab boʻldi.
Samimiy ruhda oʻtgan uchrashuvda sektor rahbari yoshlar bilan dildan suhbatlashib, oʻzining otalarcha maslahatlarini berdi. Muloqot davomida ularning murojaatlarini ham tingladi. Eʼtiborlisi shundaki, bildirilgan ayrim murojaatlar shu yerning oʻzidayoq ijobiy xal etildi. Tadbir jarayonida bir guruh faol va ijodkor yoshlar boshqarma boshligʻi tomonidan munosib taqdirlandi.
Shu kuni uchrashuvda ishtirok etgan yoshlar uchun Xudoyorxon muzeyiga sayohat ham tashkillandi. Kelajagimiz vorislari tarixiy eksponatlarni koʻzdan kechirib, bir olam maʼnaviy ozuqa oldilar.
Abduvosit SIDIQOV,
oʻz muxbirimiz.
Fargʻona viloyati.
