Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qaroriga muvofiq, joriy yilning iyunʼ oyi “Giyohvandlikka qarshi kurash oyligi” etib belgilandi. Shu munosabat bilan, Urganch davlat universitetida “Yoshlar giyohvandlikka qarshi” mavzusida maʼnaviy-maʼrifiy tadbir boʻlib oʻtdi. Unda viloyat IIB JQB Giyohvandlikka qarshi kurash boʻlimi maʼsul xodimi M.Sherjanov, viloyat OITSga qarshi kurashish markazi boʻlim mudiri B.Xoʻjaxonova, Respublika ixtisoslashtirilgan narkologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi viloyat mintaqaviy filiali shifokori F.Otajonov, Urganch davlat universitetining Yoshlar masalalari va maʼnaviy-maʼrifiy ishlar boʻyicha birinchi prorektori S.Davletov hamda talaba-yoshlar ishtirok etishdi.
Tadbirda soʻz olganlar yoshlarni asr vabosi boʻlmish, giyohvandlik girdobidan, turli mafkuraviy tahdidlardan himoya qilish bugungi kunning eng muhim vazifalaridan biri ekanligini taʼkidlashdi.
Shuningdek notiqlar, respublikamizda giyohvandlik va unga qarshi kurashish borasida amalga oshirilayotgan keng qamrovli ishlar hamda ularning natijalariga batafsil toʻxtalib, giyohvand moddalarning turi va inson organizmiga salbiy taʼsiri haqida koʻrgazmali targʻibot materiallaridan ham foydalangan holda tushuntirishlar berdi.
Mazmunli oʻtgan tadbir yakunida esa, talabalar ham oʻzlarini qiziqtirgan savollarga atroflicha javob olishdi.
Xudoybergan JABBOROV,
“Postda” muxbiri.
