IIV Qorovul qoʻshinlari qoʻmondonligi tomonidan muntazam ravishda tashkil etilayotgan Zakovat intellektual musobaqalari har oyda oʻtkazilishi belgilangan boʻlib, isteʼdodlarni kashf etishda, salohiyatli kadrlar koʻpayishida muhim rol oʻynamoqda. Qoʻmondonlik koʻchma kubogi uchun odatda sakkizta jamoa raqobatlashadi. Bunda yigitlar bilan bir qatorda, tizimda xizmat qilayotgan xotin-qizlar ham qamrab olinganini alohida qayd etish lozim. Masalan, IIV Qorovul qoʻshinlari 7531-harbiy qismida boʻlib oʻtgan soʻnggi bahslarda faqat xotin-qizlardan tarkib topgan 7534-harbiy qismining «Toʻmaris» jamoa­si hal qiluvchi finalga­cha yetib borib, mezbon «Semurgʻ» vakillaridan soʻng faxrli ikkinchi oʻrinni egallaganligiga shaxsan oʻzimiz guvoh boʻldik. Ular bilim va koʻnikma jihatidan yigitlardan aslo qolishmaydi. 

– Qoʻmondonlikning asosiy terma jamoasi ham mavjud boʻlib, unda harbiy qismlardan saralab olingan iqtidorlar respublika miqyosidagi intellektual oʻyinlarda ishtirok etish uchun tarkiblardan joy olishadi. Koʻchma kubokning tashkil etilishiga asosiy sabab ham aynan qoʻmondonlik terma jamoasini shakllantirish hamda eng kuchli aʼzolar bilan boyitishdir, – deydi IIV Qorovul qoʻshinlari qoʻmondonligi Murojaatlar bilan ishlash boʻlimi katta texnik masʼul ijrochisi, kichik serjant Mirjalol Qayumov. 

Bu kabi intellektual oʻyinlarning tashkil etilishi ichki ishlar organlari xodimlarining bilim va salohiyati intellektual qobiliyati, shuningdek, kitob oʻqishga boʻlgan qiziqishlarini yanada oshirishga zamin yaratadi. Taqdirlash marosimida soʻzga chiqqanlar yurtimizda ommaviy-maʼrifiy harakatga aylanib ulgurgan intellektual oʻyin iqtidorlarni kashf etish, ularning salohiyatini roʻyobga chiqarish, yoshlarni ilm marralari sari ruhlantirishda muhim ahamiyat kasb etayotganini taʼkidlashdi.

III darajali serjant Shahzod Egamov 2015-yili yigitlik burchini oʻtash uchun IIV Qorovul qoʻshinlariga qarashli poytaxtimizda joylashgan 7531-harbiy qismga chaqirildi. Muddatli harbiy xizmatni oʻtab boʻlgan lavhamiz qahramoni kelgusi hayotini Vatan himoyasi yoʻlida baxshida etishga qaror qildi.

Ota-onasidan oq fotiha olgan qahramonimiz ushbu harbiy qismda shartnoma asosida xizmatni boshlab, mana salkam sakkiz yildirki, ustozlari yordamida soha sir-asrorlarini mukammal oʻzlashtirib kelmoqda.

U bilim va koʻnikmasini yanada oshirish uchun Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari kichik mutaxassislarini tayorlash markazi hamda Milliy gvardiya ixtisoslashgan oʻquv markazida oʻqidi. Oʻz ustida tinimsiz izlanishni davom ettirgan bu yigit endilikda IIV Akademiyasining 2-bosqichida sirtdan taʼlim olmoqda.

Kitob umr yoʻllarini yorituvchi soʻnmas nur, inson hayotiga mazmun baxsh etuvchi saodat manbai, unga har qanday vaziyatda ham hamroh boʻluvchi sodiq doʻst. Insonning maʼnaviy kamolotini taʼminlashda kitob singari kuchli qudratga ega vosita yoʻq. Shu bois azal-azaldan maʼrifat peshvolari, ahli donishlar butun insoniyatni kitob oʻqishga, undan ilmu odob sirlarini oʻrganishga chorlab kelishgan. IIV Qorovul qoʻshinlari qoʻmondonligiga qarashli harbiy qismlardagi kutubxonalarda barcha zarur huquqiy, badiiy hamda sohaga ixtisoslashgan qoʻllanmalar va kitoblarni uchratish mumkin!

IIV Qorovul qoʻshinlariga qarashli Toshkent viloyatida joylashgan 7535-harbiy qism kutubxona­chisi Dilorom Ermetova koʻp yillardan buyon sevimli kasbini vijdonan bajarib kelayotgan insonlardan sanaladi. U har bir kitobxon bilan oʻqigan asarini muhokama qiladi.

– Oʻqimishli inson hech qachon toʻgʻri yoʻldan adashmaydi, – deydi lavhamiz qahramoni. – Chunki kitob insonni fikrlashga undaydi, uning dunyoqarashini boyitishga yordam beradi.

Mazkur ziyo maskanidan 1 ming 500 dan ortiq sohaga oid hamda siyosiy va publitsistik janrdagi adabiyotlar joy olgan.