IIV Fargʻona akademik litseyida unutilmas bayram tadbiri boʻlib oʻtdi.
Sinovlardan muvaffaqiyatli oʻtib, akademik litsey oʻquvchisi boʻlgan 220 nafar yigit-qiz qoʻllarida guldasta va yuraklarda hayajon bilan taʼlim dargohiga kirib keldilar.
Ularni qutlash uchun Fargʻona viloyati IIB rahbarlari, faxriylar, ota-onalar ham muassasada hozir boʻlishdi.
Tadbirda Fargʻona viloyati IIB boshligʻining oʻrinbosari, Maʼnaviy-maʼrifiy ishlar va kadrlar bilan taʼminlash boshqarmasi boshligʻi, polkovnik Fayzulla Ortiqboyev hamda akademik litsey direktori, podpolkovnik Jahongir Kazimov soʻzga chiqib, yoshlarga samimiy tilaklarini izhor etdilar.
Taʼkidlanganidek, litseyda kelajagimiz egalarining puxta bilim olishi uchun barcha sharoitlar muhayyo qilingan. Zamonaviy oʻquv va toʻgarak xonalari, kutubxona, sport zali, oshxona, yotoqxona oʻquvchilar ixtiyorida.
– Endi sizlardan faqatgina bir narsa talab qilinadi, – dedi soʻzga chiqqanlar. – Yaratilgan sharoitlardan unumli foydalanib, puxta bilim olishingiz kerak.
Tadbirda ota-onalar, litseyga yangi qabul qilingan yoshlar ham soʻzga chiqib, samimiy dil soʻzlarini bildirishdi.
Abduvosit SIDIQOV,
“Postda” muxbiri.
Fargʻona viloyati.
