«Ustoz-shogird» anʼanasi
U oʻzi istiqomat qiladigan Rishton tumanida bir necha yil mahalla raisi boʻlib ishladi, ikki marotaba xalq deputatlari Fargʻona viloyati kengashiga deputat etib saylandi. Hozirgi kunda maʼnaviyat targʻibotchisi vazifasida faoliyat koʻrsatmoqda.
Prezident farmoniga koʻra, «Shuhrat» medali va «Fidokorona xizmatlari uchun» ordeniga sazovor boʻlgan, bir necha marotaba koʻkrak nishoni va faxriy yorliqlar bilan taqdirlangan Diloromxon Nazirova oʻzi faoliyat koʻrsatgan Rishton tumani ichki ishlar boʻlimiga tez-tez borib, yosh xodimlarga maslahat va tavsiyalar berishga ham vaqt topadi.
Tuman ichki ishlar boʻlimining xotin-qizlar masalalari boʻyicha katta inspektori, mayor Gulnoza Ziyopova Diloromxon Nazirovani oʻziga chinakam ustoz deb biladi.
– Yaxshiyamki, Dilorom opadek ayol bilan bir tumanda yashayman, – deydi mayor Gulnoza Ziyopova ustozidan faxrlanib. – Pensiyada boʻlishiga qaramay, mudom yonimizda turib, maslahat va yordamini ayamaydi. Xotin-qizlar muammolarini hal qilish, oila-turmush doirasidagi kelishmovchiliklarni bartaraf etish, ajrimlarning oldini olishda ustozimning qimmatli oʻgitlariga amal qilaman. Dilorom opa ikki ogʻiz shirin soʻz bilan qancha-qancha ajrashayotgan oilalarni yarashtiradi, quda-andalarni murosaga keltiradi, adashganlarni toʻgʻri yoʻlga soladi.
Dastlab tergov sohasida ishlab, yaxshigina tajriba toʻplagan Gulnoza 2019 yilda rahbariyat tavsiyasi bilan xotin-qizlar masalalari boʻyicha katta inspektor lavozimiga oʻtkazildi.
Lavhamiz qahramoni rahbariyat ishonchini oqlab, tumandagi xotin-qizlar muammolarini hal etish, ular oʻrtasidagi jinoyat va huquqbuzarliklarning oldini olishda samarali faoliyat yuritmoqda.
Rishton tumanida 69 ta mahalla fuqarolar yigʻini mavjud boʻlib, ulardagi 40 mingga yaqin xonadonda 44 mingdan ziyod 30 yoshdan oshgan xotin-qizlar istiqomat qiladi. Mayor Gulnoza Ziyopova ular bilan yuzma-yuz muloqot qilib, muammolari, qiziqishlarini muntazam oʻrganib boradi. 15 nafar probatsiya hisobida turuvchi ayol bilan ishlashga esa alohida eʼtibor qaratadi. Maqsad – ular tomonidan qayta jinoyat sodir etilishiga yoʻq qoʻymaslik.
Katta inspektorning bu saʼy-harakatlari ijobiy natijasini berib, joriy yilning oʻtgan 2 oyida tumanda xotin-qizlar tomonidan birorta jinoyat sodir etilmadi. Zoʻravonlikning turli koʻrinishlaridan jabr koʻrgan 90 nafar ayolga himoya orderi berildi.
Albatta, mayor Gulnoza Ziyopovaning faoliyatida «ustoz-shogird» anʼanasi yaxshigina qoʻl kelyapti. Isteʼfodagi mayor Diloromxon Nazirova shogirdi bilan yelkama-yelka turib, har qanday muammoli masalani hal etib, ziddiyatli holatlarni oʻz vaqtida bartaraf etmoqda.
– Erishayotgan yutuqlarimda Diloromxon Nazirovaning hissasi juda katta, – deydi Gulnoza Ziyopova. – Ustozimning izidan yurishni, u kishi kabi sohada halol mehnat qilib, shogirdlar ehtiromida boʻlishni niyat qilaman.
«Yaxshi niyat – yarim davlat», deydi donolar. Ustozlari izidan borib, ularning duosini olayotgan mayor Gulnoza Ziyopovaga ham ezgu niyatlari doim yoʻldosh boʻlsin!
Abduvosit SIDIQOV,
«Postda» muxbiri.
Fargʻona viloyati.
Suratda: isteʼfodagi mayor Diloromxon Nazirova shogirdi – mayor Gulnoza Ziyopova bilan.
