U transport vositasini oʻsha tomonga yoʻnaltirdi. Bu orada mashinalardan biri yuqori tezlikda koʻzdan gʻoyib boʻldi. Ammo profilaktika inspektori ikkinchi avtomashina – «Nexia»ni toʻxtatishga erishdi. 

Avtoulovning rusumiyoq mayorning shubhasini oshirdi. Chunki soʻnggi oylarda bir necha mahallada chorva mollari oʻgʻirlangan, surishtiruvlar davomida guvohlar jinoyat roʻy bergan kunlari oq «Nexia»ni koʻrganliklarini bildirishgandi. 

Mayor gumon qilinuvchidan haydovchilik guvohnomasi va transport vositasiga oid hujjatlarni olib, mashinani koʻzdan kechira boshladi. Bu jarayonda bagajga toʻshalgan polietilen plyonka va hayvon goʻngi uning diqqatini tortdi. Avtomashina egasi holatni yaqinda avtomashinasiga buzoq ortilgani bilan izohladi. Oʻz oʻrnida, bu profilaktika inspektorini chiroq yordamida dala maydonini koʻzdan kechirishga undadi. Mayorning saʼy-harakatlari bekor ketmadi, 300 metrlar naridagi qalin oʻtlar orasida buzoq koʻrindi... 

Koʻp oʻtmay, daladan topilgan chorva moli bundan bir oy ilgari «Doʻstlik» mahallasida istiqomat qiluvchi fuqaroning hovlisidan oʻgʻirlangani aniqlandi. 

Holatga aniqlik kiritish tuman IIB TQX jinoyat qidiruv guruhi katta tezkor vakili, mayor Jaloliddin Otabekovga topshirildi. U dastlabki surishtiruvdayoq asosan yosh yigitlardan tashkil topgan 7 kishilik jinoiy guruh Arnasoy va Doʻstlik tumanlarida 9 ta jinoyat sodir etganini aniqlashga muvaffaq boʻldi. 

Maʼlum boʻlishicha, Doʻstlik tumanining «Bunyodkor» mahallasida yashovchi jinoyatchilar kunduzi turli avtoulovlarda dala maydonlarini aylanib, qarovsiz qoldirilgan chorva mollarini koʻz ostiga olishgan. Kechasi esa jinoiy maqsadlar amalga oshirilgan. Oʻgʻirlangan hoʻkiz, buzoq va qoʻylarni Sirdaryo viloyatining Oqoltin tumanida istiqomat qiluvchi dallol sotib olgan. 

Eʼtiborlisi, yigitlarning aksariyatining oilasida iqtisodiy muammolar boʻlmagan, jinoiy guruh yetakchisi oliy oʻquv yurti talabasi. Tergov jarayonida kimdir qilmishini onlayn qimorga ruju qoʻygani bilan izohlasa, boshqasi toʻqlikka shoʻxlik qilganini tan oldi. 

Joyi kelganda aytish kerak, jinoyatlar «Captiva», «Gentra» va «Nexia» rusumli avtoulovlarda amalga oshirilgan. Yana bir maʼlumot: jabrlanuvchilarga yetkazilgan zarar jinoiy guruh aʼzolarining qarindoshlari tomonidan toʻliq qoplandi. 

Alijon ABDUSATTOROV,

jurnalist. 

Jizzax viloyati.