Shuning uchun boshlangʻich taʼlimni Sergeli tumanidagi 330-maktabda olgach, oʻgʻliga oʻqishini IIV Ixtisoslashtirilgan maktab-internatida davom etti­rishni taklif qildi. Bundan Abdumannon quvonib ketdi. Shu bilan birga, mazkur taʼlim muassasasiga kirish oson emasli­gini anglab, astoydil tayyorgarlik koʻra boshladi. Tinmay oʻqib-oʻrganish, oʻz ustida ishlash orqali orzusi yoʻlida qatʼiyat bilan qadam tashladi.

– 5-sinfdan oʻqishimni mazkur maktab-internatda davom ettirdim, — deydi Abdumannon. — Boshida bu yerga oʻqishga qabul qilinganimdan juda xursand boʻlgandim. Ammo vaqt oʻtib, boshqa tengdoshlarim singari darsdan keyin uyimga, ota-onam bagʻriga qaytolmasligimni, istagan paytim toʻp tepib yoki boshqa oʻyinlar bilan mashgʻul boʻlolmasligimni toʻliq anglamagan ekanman. Shu sababli koʻnikish men uchun ancha qiyin kechdi. Hatto baʼzan otam meni yaxshi koʻrmaydi, ataylab shu yerda oʻqishimni istagan, degan xa­yollarga borib, ich-ichimdan oʻksigan paytlarim ham boʻlgan. Lekin vaqt oʻtishi bilan angladimki, otamning bu qarorlari mening yaxshi inson boʻlib ulgʻayishim, maqsadlarimga tezroq yetishim va tanlagan yoʻnalishim boʻyicha yetuk kadrlar safidan oʻrin olishim uchun qilingan ekan. Shuni tushunganimdan keyin otamdan minnatdor boʻldim.

Abdumannon bugungi kunda oʻqish bilan birga sport sohasida ham yaxshi natijalarga erishmoqda. Xususan, milliy kurash boʻyicha turli darajadagi musobaqalarda muntazam ishtirok etib, faxrli oʻrinlarni qoʻlga kirityapti. Shuningdek, ingliz tilini ham qunt bilan oʻrganmoqda. Yaqinda CEFR imtihoni topshirib, oʻz bilim darajasini aniqlab koʻrish niyatida. 

— Maktabimizga Ichki ishlar vaziri, general-leytenant Aziz Tashpulatov tashrif buyurdilar, — deydi Abdumannon. — Ularni koʻrganimda juda hayajonlandim, hatto soʻzlarimni yoʻqotib qoʻydim. Vazir oʻqishlarim haqida soʻradilar, erishgan yutuqlarim bilan qiziqdilar. Bu uchrashuv men uchun katta masʼuliyat yukladi. Oʻsha lahzalarda kelajakda yaxshi kadr boʻlib, ichki ishlar organlari tizimi­da fidoyi mutaxassislar safidan oʻrin olaman, Vatanim va yurtim tinchligi yoʻlida sidqidildan xizmat qilaman deb oʻzimga vaʼda berdim. Endi vaʼdam­ning ustidan chiqish, vazirimiz, ota-onam, ustozlarim va yaqinlarimning ishonchini oqlash — mening burchim.

Abdumannon bilan suhbatlashar ekanman, uning fikrlari te­ran, dunyoqarashi keng ekanligiga amin boʻldim. Suhbatimiz hali-beri tugaydiganga oʻxshamasdi. Orzulari yoʻlida dadil qadam tashlayotgan, maqsadlariga sadoqatli bu oʻsmirga havas qildim. Shu asnoda quyidagi misralar koʻnglimdan kechdi:


Ketsin dono, komilliging ovozasi,

Qoʻl choʻzsang, ochilsin ilm darvozasi.

Soʻrasinlar, qayerda, deb maktabi,

Ustozlari faxr aylasin maqtanib.


Yaxshi farzand rahmat olib kelgaydir,

Zafar, omad ilm bilan boʻlgaydir.

Topmasinlar ilmi senday boyrogʻini,

Baland koʻtar Oʻzbekiston bayrogʻini!

Adolat FAYZIYEVA,

oʻz muxbirimiz.

Toshkent shahri.