Bugun fuqarolarning muammolariga yechim topish, aholining turmush farovonligini oshirish sektor rahbarlari zimmasidagi muhim vazifa hisoblanadi. Qiziltepa tumanida viloyatning 3-sektor rahbari tomonidan oʻtkazilgan navbatdagi sayyor qabul chogʻida ham aholining koʻplab muammolari hal etildi. 

Jumladan, tumanning “Rabot” mahallasida oʻtkazilgan uchrashuvda 20 nafardan ortiq fuqaroning murojaati koʻrib chiqildi. Mazkur mahallada istiqomat qilayotgan Qurbonoy Eshonqulova oilaning moddiy sharoiti ogʻirligi tufayli nabirasi Maftuna Toʻrayevaning oliy taʼlim muassasasiga shartnoma pulini toʻlashda qiynalayotgani sababli amaliy yordam soʻradi. Uning murojaati Yoshlar ishlari agentligi tuman boʻlimi bilan hamkorlikda hal etildi. 

Shuningdek, mazkur mahallada yashovchi Sharif Yoʻldoshev “Artezian quduq kovlansa, mahalla ahlining suvga boʻlgan ehtiyoji qondirilardi”, – dedi. Uning ham taklifi tumanning 3-sektor mutasaddilari hamda fermerlar uyushmasi bilan hamkorlikda amalga oshiriladigan boʻldi – artezian quduq qazish ishlari boshlab yuborildi. 

Uchrashuv yakunida, viloyatning 3-sektor rahbari masʼul xodimlarga murojaatlar yuzasidan hamkorlikda ish olib borib, muammolarni ijobiy hal etish, bu borada zimmasiga yuklatilgan vazifalarni hozirgi kun talabidan kelib chiqqan holda, vijdonan bajarish lozimligi yuzasidan koʻrsatmalar berdi.

Mahliyo XOLOVA,

“Postda” muxbiri.

Navoiy viloyati