– Bolalikdan shusohaga ishtiyoqim kulchli boʻlgani sababli IIV 1-sonli Toshkent akademik litseyini tamomlaganman, – deydi lavhamiz qahramoni. Qolaversa, xorijiy tillarni oʻrganishga qiziqaman. Bu soha sirlarini puxta oʻzlashtirishim, ayniqsa, xorijiy tajribani oʻrganishimda juda zarur, deb oʻylaman.
Ha, bugunning yoshlari zamon bilan hamqadam boʻlishga, tanlagan yoʻnalishiga qarab intellektual salohiyatini ilgʻor tajribalar bilan boyitishga intiladi. Ziyodaxon bu borada nazariy va amaliy tomondan harakatni boshlab yuborgan. U Akademiyada oʻquv jarayonlarida sport, axborot texnologiyalari, tillarni oʻrganish singari yoʻnalishlardagi «Oltin elliktalik»ka kirgan kursantlardan. Yaʼni, u uchuvchisiz uchadigan qurilmalar (dron)ni boshqarish boʻyicha alohida oʻqib-oʻrganmoqda.
–Ziyodaxon Yoqubova ekspert-kriminalistika yoʻnalishida tahsil olyapti. Dars jarayonida jinoyat ishini ochishda unga aloqador izlarni oʻta sinchkovlik bilan tekshirishdek eng muhim jihatni toʻliq oʻzlashtirishga harakat qiladi, – deydi Akademiya kafedra katta oʻqituvchisi, kapitan Furqat Sobirov. – Ayniqsa, dalillarning tegishlilik darajasini aniqlashda atroflicha mulohaza yuritib, oʻz fikrlarini kursdoshlari bilan ham boʻlishadi. Bu uning mustaqil fikr yuritishi va kelajakda oʻz yoʻnalishida zukko xodima boʻlishida asqatadi, albatta.
Magʻzi toʻq fikr hamda asosli mushohada tinimsiz oʻqib-oʻrganish va oʻzlashtirgan bilimlarini tahlil etish qobiliyati asosida yuzaga chiqadi. Lavhamiz qahramoni «Zakovat» intellektual oʻyinlarining IIV Akademiyasidagi bellashuvlarining faol ishtirokchi. Shuningdek, huquqni muhofaza qiluvchi organlarning oliy oʻquv yurtlari kursantlari oʻrtasida oʻtkazilgan fan olimpiadalarida jamoaviy sovrinli oʻrinlarni qoʻlga kiritib, «Temur tuzuklari» musobaqasida birinchi oʻrinni egallagan.
Ziyodaxon oʻziga nisbatan talabchan qiz, biroq yakka oʻzi yetakchilikka intilmaydi. Ustozlari, tengdoshlaridan bilmaganlarini soʻrashga tortinmaydi. Unga, kezi kelganda, ichki ishlar organlari tizimida uzoq yillar namunali xizmat qilgan bobosi, isteʼfodagi polkovnik Maqsad Yoqubov hamda otasi, polkovnik Xurshid Yoqubov eng yaqin maslahatchidir. Oʻz oʻrnida taʼkidlash joizki, qahramonimizning sharafli yoʻlda azm-u shijoat bilan davom etib, zehn qoʻygan kasbida kamolotga erishishiga ishonchimiz komil.
Gulnoza TURGʻUNBOYEVA,
oʻz muxbirimiz.
