Odatda ustoz oʻz kasbining har bir ikir-chikirini ham aytavermaydi. Ehtimol, bu bilan shogirdining sinchkovligini, zukkoligini sinab koʻrmoqchi boʻlar?! Chinakam shogird esa ustozining har bir harakatiga, gap-soʻziga eʼtiborli boʻlishi kerak.  

 Katta leytenant Erkin Oltinov bu borada ustozlari sinovidan muvaffaqiyatli oʻtgan. 2019-yilda IIV Akademiyasini tamomlagan qahramonimiz ilk faoliyatini Qiziltepa tumani IIBda boshladi. 2021-yildan beri Navoiy shahar IIB JXX HPB profilaktika inspektori lavozimida xizmatini davom ettirmoqda. 

– Erkin shogird sifatida menga biriktirilgan paytdayoq zukkoligi, tirishqoqligi va sinchkovligini sezganman. Fuqarolar bilan suhbatlashayotganida esa huquqiy bilimi nechogʻlik chuqur ekanligi bilinib turardi, – deydi uning ustozi podpolkovnik Mirmuhsin Normuhammedov. 

 “Yangiariq” mahallasidagi xonadonlarning birida bir guruh shaxslarning spirtli ichimlik isteʼmol qilib, shovqin koʻtargani qoʻshnilarning noroziligiga sabab boʻldi. Mazkur xonadonga yetib borgan katta leytenant Erkin Oltinov vaziyatni oʻrgandi. Suhbat chogʻida toʻpolonchilardan birining toʻrtalamiz deb gapirayotgani uning eʼtiborini tortdi. Chunki xonada 3 kishi bor edi. 

Erkin toʻrtinchi shaxsni topish uchun boshqa xonalarni koʻzdan kechirdi. Qarasa, bir oydan buyon probasiya boʻlinmasi xodimlari talablarini bajarmay qochib yurgan hamda velosiped oʻgʻirlaganlikda gumon qilinayotgan T.R oshxonaning burchagiga bekinib olgan edi. Shu tariqa qonunbuzar qoʻlga olindi.

Mahliyo XOLOVA,

“Postda” muxbiri.

Navoiy viloyati.