Mamlakatimizning taqdiri va kelajagi uchun mas’uliyatni o‘z zimmasiga olishga, bu yo‘lda bor bilim va salohiyatini safarbar etishga qodir bo‘lgan, azm-u shijoatli yoshlarni tarbiyalab voyaga yetkazish – biz uchun eng muhim masaladir.
Shavkat MIRZIYOYEV
Jamiyatning ertangi kuni, porloq istiqboli va barqaror taraqqiyoti unda voyaga yetayotgan yosh avlodning har tomonlama barkamolligiga bevosita bog‘liq. Shu bois bugungi kunda ularning nafaqat ma’naviy-axloqiy jihatdan kamol topishi, balki zamonaviy bilim va kasb-hunarlarni puxta egallashi, intellektual salohiyatini yuksaltirishi, shuningdek, jismonan sog‘lom va baquvvat bo‘lib voyaga yetishi ustuvor vazifaga aylangan. Har birimiz uchun muqaddas qo‘rg‘on hisoblanmish oilaga, uning mustahkamligi va farzandlarimizning chuqur bilim-u hunarli, vatanparvar va ma’naviyatli insonlar bo‘lib ulg‘ayishiga davlat siyosati darajasida e’tibor qaratilmoqda. Ota-ona – oilaning mustahkam ustunlari, farzandlar esa uning ko‘z qorachig‘idek asrab-avaylanadigan eng shirin mevasidir. Farzandlar nihoyatda kuzatuvchan, ziyrak va taqlidchi bo‘lishadi. Ular oilada kattalarning barcha ijobiy hamda salbiy xatti-harakatlarini o‘ziga singdirib boradi. Oilaviy munosabatlardagi sovuqqonlik, mehrsizlik yoki er-xotin o‘rtasidagi doimiy kelishmovchiliklar bolaning ruhiyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatib, uni tajang, jizzaki va o‘zboshimcha qilib qo‘yishi mumkin. Natijada bunday ruhiy zo‘riqish va nazoratsizlik ostida qolgan yoshlar turli salbiy ta’sirlar, yot g‘oyalar hamda jamiyat uchun xavfli bo‘lgan zalolat yo‘lidagi kimsalarning o‘ljasiga aylanib qolishi hech gap emas. Ana shunday nozik va mas’uliyatli pallada oila qo‘rg‘onini mustahkamlash, farzandlar qalbiga mehr va ezgulik urug‘ini singdirishda bobo va buvilarning ham o‘rni beqiyos. Ular boy hayotiy tajribasi, ertak, matal va hikoyalari orqali nabiralarga milliy qadriyatlarni singdirib, o‘zligini anglashida muhim ko‘prik vazifasini bajaradi. Shu ningdek, ota-onalar ish va ro‘zg‘or tashvishlari bilan band yoki ba’zan muammolar ichida qolgan paytda farzandlarga cheksiz mehr va qalb haroratini baxsh etib, ularga ma’naviy suyanch bo‘ladi. Zamonaviy ilm-fan va pedagogika tadqiqotlari shuni ko‘rsatadiki, inson miyasi taxminan 1,4 milliard hujayradan iborat bo‘lib, chaqaloq dunyoga kelganda ularning aksariyati hali to‘liq shakllanmagan bo‘ladi. Miya hujayralari dastlab alohida, tarqoq holda joylashadi. Biroq bola ulg‘aygan sari, ular o‘rtasida o‘zaro bog‘lovchi mustahkam rishtalar paydo bo‘la boshlaydi. Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, tug‘ilgandan keyingi birinchi olti oy mobaynidayoq miyaning salohiyati 50 foizga, uch yoshgacha esa 80 foizga yetadi. Bu esa bolaning rivojlanishi o‘z holicha kechmasligini yaqqol ko‘rsatadi. Ushbu muhim davrda miyadagi hujayralar shunchaki bog‘lanishlar hosil qilmasligi, kelgusida chiroyli meva berishi uchun bolaga kichik yoshidan ongli ravishda, puxta ta’lim-tarbiya berish g‘oyat ahamiyatlidir. Bugungi tezkor zamon farzand tarbiyasiga ham o‘z ta’sirini o‘tkazmay qolmayapti. Mutaxassislarning kuzatuvlariga ko‘ra, ota-onalar sutkaning bor-yo‘g‘i bir yarim soatini farzandiga ajratarkan, xolos. Qolgan vaqt esa kundalik turmush tashvishlari, ish va ro‘zg‘or yumushlari bilan o‘tib ketadi. Xo‘sh, shu qisqagina vaqt ham qanday maqsadlarda sarflanmoqda? To‘g‘ri, har bir ota-ona «Bolamning qorni to‘q, usti but bo‘lsin», deya tong sahardan kechgacha tinim bilmaydi. Ammo, afsuski, moddiy ta’minotga berilib, bolaning ma’naviy va ruhiy tarbiyasiga kam e’tibor qaratayotganimiz ham bor gap.
Aytaylik, tarbiyani eng oddiy fazilat bo‘lmish rostgo‘ylik misolida ko‘raylik. Bolaga quruq nasihat qilib, yolg‘ondan hazar qilishni uqtirishning o‘zigina yetmaydi. Gohida kattalarning o‘zlari bilmagan holda farzandini kichikligidan aldovga o‘rgatib qo‘yayotgani kishini o‘ylantiradi. Masalan, ota uy telefoni yoki eshik qo‘ng‘irog‘iga javob berganda, «Falonchi so‘rasa, uyda yo‘q, deb ayt!» deya tayinlash bilan bolaga nimani o‘rgatadi?! Afsuski, bu kabi mayda yolg‘onlar allaqachon kundalik turmushimizning oddiy bir qismiga aylanib ulgurdi. Ertaga farzandimizning aldovlaridan boshimizga tashvish tushganda, birinchi navbatda, bu «urug‘»ni kim ekkani haqida bir lahza o‘ylab ko‘rishimiz kerak emasmikan? Shu bois, bolani yoshligidan rostgo‘ylikka o‘rgatish bilan birga, unga omonatga xiyonat qilmaslik, har bir so‘z va ishda mas’uliyatli bo‘lishning mazmunini amalda singdirib borish zarur.
Axborot texnologiyalari rivojlanayotgan bugungi davrda yoshlarimizning turli gadjetlar ta’siriga haddan tashqari bog‘lanib qolishi har qachongidan ham dolzarb muammo bo‘lib turibdi. Nazoratsiz qolgan yoshlar internetdagi yot g‘oyalar va «ommaviy madaniyat» unsurlari qurboniga aylanishi mumkin. Shu bois ota-onalar farzandlarining kimlar bilan do‘stlashayotgani, maktabdagi o‘qishi va bo‘sh vaqti qanday o‘tkazayotgani va internetdan qanday maqsadlarda foydalanayotganidan doimo xabardor bo‘lishlari shart. Ana shunday xatarlarning oldini olishda va farzandning ma’naviy kamoloti hamda tafakkurini to‘g‘ri shakllantirishda kitobning o‘rni beqiyosdir. Har kuni qo‘liga telefon yoki planshet olib, televizor qarshisida vaqt o‘tkazayotgan bolaning dunyoqarashi ham shunga yarasha bo‘lib qolishi tabiiy. Ammo kitob o‘qib ulg‘aygan, mutolaaga mehr qo‘ygan farzandning fikrlash doirasi, zehni va bilim saviyasi tengdoshlaridan ancha ustun turadi. Vaqtini behuda raqamli o‘yinlar va ijtimoiy tarmoqlarda sovurayotganlar emas, balki aynan kitobga do‘st bo‘lib, ilm cho‘qqilarini zabt etgan zukko va irodali yoshlar kelajakda jamiyatni, katta jamoalar hamda zamonaviy loyihalarni ishonch bilan boshqaradigan insonlar bo‘lib yetishadi.
Farzandlar kamoloti va kelajagimiz bilan bog‘liq bunday ezgu sa’y-harakatlar mamlakatimizda Bosh qomusimiz va bola huquqlariga oid ko‘plab qonun hujjatlari bilan mustahkamlab qo‘yilgan. Jumladan, «Bola huquqlarining kafolatlari to‘g‘risida»gi alohida qonun ham qabul qilingan bo‘lib, ular yoshlarning ta’lim olishi, ijtimoiy himoyasi va barkamol bo‘lib voyaga yetishiga xizmat qilmoqda.
Xususan, Konstitutsiyamizning 78-moddasida quyidagi muhim qoidalar belgilab qo‘yilgan: «Farzandlar ota-onasining nasl-nasabi va fuqarolik holatidan qat’i nazar, qonun oldida tengdirlar. Bolaning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ta’minlash hamda himoya qilish, uning jismoniy, aqliy va madaniy jihatdan to‘laqonli rivojlanishi uchun eng yaxshi shart-sharoitlarni yaratish davlatning majburiyatidir. Onalik, otalik va bolalik davlat tomonidan muhofaza qilinadi. Davlat va jamiyat bolalarda hamda yoshlarda milliy va umuminsoniy qadriyatlarga sodiqlikni, mamlakatidan hamda xalqning boy madaniy merosidan faxrlanishni, vatanparvarlik va Vatanga bo‘lgan mehr-muhabbat tuyg‘ularini shakllantirish to‘g‘risida g‘amxo‘rlik qiladi».
Turmush tashvishlarini elkama-elka engib o‘tayotgan er-xotinning bir-biriga yelkadosh bo‘lishi, hurmatini joyiga qo‘yishi farzandlar uchun chinakam hayot maktabidir. Oilada ona mehr bulog‘i bo‘lsa, otaning adolatli va qat’iyatliligi bolani mas’uliyatga o‘rgatadi. Farzand nasihatni unutishi mumkin, ammo ko‘z o‘ngidagi hayotiy ibratni hech qachon yodidan chiqarmaydi. Buyuk mutafakkir shoirimiz Alisher Navoiy aytganidek: «Adab kichik yoshlig‘larni ulug‘lar duosig‘a sazovor etar». Kattalarning hurmatini joyiga qo‘yib, ularning duosini olib ulg‘aygan yoshlar hech qachon kam bo‘lmaydi. Zero, farzand tarbiyasi faqat oilaning emas, butun jamiyatning kelajagini belgilaydigan ulug‘ mas’uliyatdir.
Sarvar SOBIROV, jurnalist.