Shunday kasb egalari borki, ularning mehnatisiz hech bir jamiyat, hech bir taraqqiyot va kelajakni tasavvur qilib boʻlmaydi. Bu — oʻqituvchilik kasbi, ustozlik sharafidir. Zero, insoniyat tarixida erishilgan har bir yutuq, kashfiyot va muvaffaqiyat zamirida ustoz-muallimning koʻz nuri, mashaqqatli mehnati va fidoyiligi yotadi. Muvaffaqiyatga erishayotgan har bir shaxs ortida, albatta, uning qoʻlidan tutib toʻgʻri yoʻlga boshlagan fidoyi ustoz siymosi gavdalanadi.

Muallim — faqat bilim beruvchi shaxs emas, balki inson qalbini ezgulik, maʼrifat va yuksak axloq bilan boyituvchi asl meʼmor. Oʻqituvchilik — shunchaki kasb emas, balki yuksak masʼuliyat va sabr-toqatni talab etadigan sharafli vazifa.

Ustoz tom maʼnoda qalb meʼmori, kelajak bunyodkoridir. Meʼmor xomashyodan, oddiy gʻisht va tuproqdan muhtasham va goʻzal binolar barpo etgani kabi, ustoz ham hayotda tajribasiz bola qalbiga ezgulik urugʻlarini qadab, bilimli, salohiyatli va maʼnaviyatli insonni shakllantiradi. Bola dunyoni ilk bor maktab ostonasida, ustozining mehr toʻla koʻzlari, samimiy soʻzlari orqali taniydi. Biror bir muhtasham imorat mustahkam poydevorsiz qad rostlay olmaganidek, insonning fikrati ham, fitrati ham ustoz bergan tarbiyasiz goʻzal boʻla olmaydi.

Millatning, davlatning, xalqning ertangi kuni bugungi kunda maktabda dars tinglayotgan, oliy oʻquv yurtlarida tahsil olayotgan yoshlarning qoʻlida. Ularni qanday inson, qanday mutaxassis qilib tarbiyalash esa bevosita ustozning mahorati, fidoyiligi va bilimiga bogʻliq. Bugun ustoz bergan bilim tufayli ertaga jamiyatda yetuk shifokorlar, zakiy olimlar, qonun ustuvorligini taʼminlovchi huquqshunoslar, yurtni obod qiluvchi muhandislar yetishib chiqadi. Shu maʼnoda, oʻqituvchi oʻz sinfxonasida oʻtirib, butun bir millatning, davlatning ertangi kunini, kelajagini bunyod etadi.

Umumbashariy taraqqiyotga ulkan hissa qoʻshgan ulugʻ allomalarimiz oʻz ustozlarini koʻklarga koʻtarishgan, ularga yuksak ehtirom koʻrsatgan. Xususan, buyuk munajjim va davlat arbobi Mirzo Ulugʻbek Qozizoda Rumiyga boʻlgan cheksiz hurmati tufayli ustozi uning qabri ustiga maqbara qurdirib, uning ilmdagi xizmatlarini yuksak qadrlagan.

Soʻz mulkining sultoni Alisher Navoiy esa ustoz maqomini shunday taʼriflaydi:

Haq yoʻlida kim senga bir harf oʻqitmish ranj ila,
Aylamoq oson emas haqqin ado ming ganj ila.

Bu misralardan anglashiladiki, kishiga bir harf oʻrgatgan ustozning haqqini hech qanday moddiy boylik bilan ado etib boʻlmaydi. Zero, ustozning qalbdan chiqqan bir soʻzi — umr yoʻliga chiroq, bergan har sabogʻi — taqdirning yoʻl xaritasi, bildirgan ishonchi esa shogirdlar uchun qanot. Shu bois ham muallimning mehnatini ulugʻlash, jamiyatda oʻqituvchi maqomi va obroʻsini yuksaltirish buyuk istiqbolga qoʻyilgan mustahkam zamindir.

Bugungi kunda mamlakatimizda ustoz va murabbiylarning jamiyatdagi nufuzini oshirish hamda ularning mashaqqatli mehnatini munosib qadrlash davlat siyosatining ustuvor yoʻnalishlaridan biriga aylandi.

Eng avvalo, bu ezgu maqsad yangi tahrirdagi Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 52-moddasida mustahkamlandi. Unga koʻra: «Davlat oʻqituvchilarning shaʼni va qadr-qimmatini himoya qilish, ularning ijtimoiy va moddiy farovonligi, kasbiy jihatdan oʻsishi toʻgʻrisida gʻamxoʻrlik qiladi».

Shuningdek, 2024-yil 1-fevraldan kuchga kirgan «Pedagogning maqomi toʻgʻrisida»gi qonun pedagoglarning huquqlari, shaʼni va ishchanlik obroʻsi davlat himoyasida ekanini yana bir bor huquqiy jihatdan kafolatladi. Eʼtiborlisi, mazkur qonun bilan oʻqituvchining kasbiy faoliyatiga aralashish, uni asossiz tekshirish yoki xizmat vazifasini bajarishiga toʻsqinlik qilish taqiqlandi. Pedagogni maʼmuriy tarzda majburlash ham qonunchilikda belgilangan tartibda javobgarlikka sabab boʻlishi mustahkamlandi.

Sohadagi islohotlarning uzviy davomi sifatida 2025-yilda oʻqituvchi va murabbiylarning kasbiy mahoratini eʼtirof etish hamda ommalashtirishga qaratilgan yangi mexanizmlar yoʻlga qoʻyildi. Vazirlar Mahkamasining tegishli qaroriga asosan, umumiy oʻrta taʼlim sohasi xodimlari oʻrtasida «Yil oʻqituvchisi» hamda «Kasbiy mahorat yetakchisi» tanlovlarini oʻtkazish tartibi belgilandi. Bundan koʻzlangan asosiy maqsad — yoshlarni barkamol shaxs etib tarbiyalashga munosib hissa qoʻshayotgan, oʻquv-tarbiya jarayonida yuqori natijalarga erishayotgan pedagoglarni aniqlash va ularni munosib ragʻbatlantirishdir.

Bu kabi huquqiy va amaliy meʼyorlar soʻnggi yillarda respublikamizda ustoz shaxsiga munosabat tubdan oʻzgarganini koʻrsatadi. Endilikda pedagogga faqat taʼlim beruvchi xodim emas, balki huquqlari davlat tomonidan kafolatlangan, alohida kasbiy maqomga ega boʻlgan eʼtiborli shaxs sifatida qaralmoqda.

Har yili 1-oktabr — Oʻqituvchi va murabbiylar kunining mamlakatimizda keng nishonlanishi ham ushbu ehtiromning yorqin ifodasidir.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev bayram munosabati bilan oʻtgan yili ustoz va murabbiylarga yoʻllagan tabrigida taʼlim sohasini davlat siyosatining eng ustuvor yoʻnalishi sifatida eʼtirof etib, «bugungi oʻqituvchi — ertangi davlatimizning qiyofasini belgilab beruvchi asosiy shaxs» ekanini alohida taʼkidladi. Davlatimiz rahbari, shuningdek, oʻqituvchilik kasbining maqomi va nufuzini oshirish hal qiluvchi masala ekanini, soha xodimlarining mehnat va yashash sharoitini yaxshilash, bu kasbni jamiyatda eng muhim hamda obroʻli mutaxassislikka aylantirish borasidagi islohotlar izchil davom ettirilishini qayd etdi.

Demak, bugun mamlakatimizda ustoz va murabbiylarga qaratilayotgan yuksak eʼtiborni birgina sohadagi islohot sifatida emas, balki jamiyatning ertangi qiyofasini va kelajagini belgilab beruvchi muhim strategik vazifa sifatida baholash lozim.

Xulosa qilib aytganda, jamiyatning maʼnaviy qiyofasi, mamlakatning intellektual salohiyati va ertangi taraqqiyoti, eng avvalo, taʼlim sifati va oʻqituvchining mehnati bilan chambarchas bogʻliq. Pedagog maqomini mustahkamlash, uning jamiyatdagi nufuzini oshirish, munosib mehnat va ijodiy faoliyat uchun zarur sharoitlarni yaratish — nafaqat bugungi kun uchun, balki mamlakatning barqaror va farovon ertasi uchun kiritilayotgan eng qimmatli sarmoyadir.