Davlat xizmatchisi fuqarolarning murojaatlarini tinglaydi, muammolarini hal etishda qatnashadi, qonun va davlat siyosatining amaliy ijrosini ta’minlaydi. Uning har bir qarori, muomalasi, mas’uliyati va ishga munosabati davlat idorasining obro‘siga, imijiga, fuqarolarning davlatga bo‘lgan ishonchiga ta’sir qiladi. Zero, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 2-moddasida davlat xalq irodasini ifoda etishi va uning manfaatlariga xizmat qilishi, davlat organlari hamda mansabdor shaxslar jamiyat va fuqarolar oldida mas’ul ekanligi belgilangan. Shu bois davlat xizmatining markazida mas’uliyat, xalq manfaatiga daxldor vazifa turadi. Mas’uliyatni faqat topshiriqni bajarish yoki belgilangan muddatga rioya qilish bilangina cheklab bo‘lmaydi. Haqiqiy mas’uliyat – o‘z vazifasining jamiyat hayotidagi ahamiyatini anglash. Zamonaviy davlat xizmatchisi muammoning mohiyatini tushunishga, o‘z vakolati doirasida unga yechim topishga yoki tegishli mas’ul xodimga yo‘naltirishga intiladi.
O‘zbekiston Respublikasining 2022-yil 8-avgustdagi «Davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risida»gi qonunida davlat fuqarolik xizmatchisining Konstitutsiya, qonunlar va boshqa hujjatlarga rioya qilishi, xizmat majburiyatlarini vijdonan bajarishi, odob-axloq qoidalariga amal qilishi, manfaatlar to‘qnashuviga yo‘l qo‘ymasligi hamda beg‘araz va xolis bo‘lishi kabi majburiyatlari tasdiqlangan. Bu talablar shunchaki ishlab chiqilgan huquqiy me’yor emas. Qonunning zamirida oddiy, ammo juda muhim savol mujassam: «Men bugun o‘z vazifamni halol va vijdonan bajardimmi?» Ana shu savolni har kuni o‘ziga bera olgan xodimda kasbiy mas’uliyat shakllanadi.
Abdulla Avloniy «Turkiy guliston yoxud axloq» asarida inson bilimli bo‘lishi bilan birga, olgan bilimiga amal qilishi zarurligini ta’kidlaydi. Ayniqsa, Avloniyning intizom haqidagi qarashlari bugungi boshqaruv uchun ahamiyatlidir. Asarda ishni o‘z vaqtida, tartibli va izchil bajarish taraqqiyotning muhim shartlaridan biri sifatida talqin qilinadi:
Davlatni koni, manbayi tartib-intizom,
Sarvatni poydori erur iqtisodi tom.
Muhtojlig‘ yuzini ko‘rar deb gumon qilmang,
Tartibi birla yursa, kishining ishi mudom.
Bu fikr bugungi davlat xizmatchisi uchun ham nihoyatda dolzarb. Qonunni bilishning o‘zi kifoya emas – unga amal qilish shart. Xizmat odobini bilishning o‘zi yetarli emas – uni kundalik muomalada namoyon etish kerak. Fuqaroga xizmat qilish zarurligini anglashning o‘zi kamlik qiladi – buni amaliy faoliyat bilan isbotlash lozim.
Zamonaviy boshqaruvda davlat xizmatchisi faqat yuqoridan topshiriq kutib o‘tiradigan ijrochi emas, balki muammoni oldindan ko‘radigan, tashabbuskor, yangilikka intiladigan mutaxassis bo‘lishi muhim. Tashabbuskorlik – qonuniylik, mas’uliyat va vakolat doirasidagi faol harakat bilan uyg‘unlashgandagina ijobiy natija beradi. Masalan, fuqarolarning bir masala yuzasidan ko‘p murojaat qilayotganini ko‘rgan xodim faqat murojaatlarni birma-bir ko‘rib chiqish bilan cheklanmay muammoning ildizini tahlil qilib, takroriy murojaatlarning oldini olish bo‘yicha taklif kiritishi mumkin. Demak, tashabbuskor xodim «Menga nima topshirildi?» degan savol bilan birga «Ishni qanday qilib yaxshiroq tashkil etish mumkin?» degan savolni ham o‘ziga beradi.
Ish jarayonida vazifa, mas’uliyat, muddat va natija o‘zaro bog‘liq. Natijadorlik – fuqaroga ko‘rsatilgan xizmatning sifati, muammoning yechimi, vaqt va mablag‘ning oqilona sarflanishi, belgilangan maqsadga erishish hamda jamiyat uchun foydali samara bilan o‘lchanadi. Shu ma’noda zamonaviy davlat xizmatchisi o‘z faoliyatini «Men qancha ish qildim?» degan mezon bilan emas, «Mening faoliyatim natijasida nima o‘zgardi?» degan mezon bilan baholay olishi kerak.
Fuqarolarning davlat xizmatchisi haqida shakllanadigan tasavvuri ko‘pincha davlat idorasidagi oddiy bir uchrashuvdan boshlanadi. Fuqaroni tinglagan xodimning gapirish ohangi, muammoni tushunishga bo‘lgan harakati, murojaatni ko‘rib chiqish tezligi – bularning barchasi davlat xizmatining insoniy qiyofasini namoyon etadi. Davlat fuqarolik xizmatchilarining odob-axloq qoidalarida qonuniylik, fuqarolar huquq va manfaatlarining ustuvorligi, halollik, xolislik, davlat va jamiyat manfaatlariga sodiqlik kabi tamoyillar belgilangan. Shuningdek, xodimlardan fuqarolar bilan xushmuomala, vazmin va samimiy munosabatda bo‘lish, davlat xizmatlari sifatini doimiy ravishda oshirib borish talab etiladi. Shunday ekan, davlat xizmatchisi uchun muomala madaniyati shunchaki odob masalasi emas. U – kasbiy kompetensiyaning asosi.
Globallashuv jarayonlarida kecha olingan bilim bugungi kun muammolarini hal qilish uchun yetarli bo‘lmasligi mumkin. Raqamlashtirish, sun’iy intellekt, yangi boshqaruv texnologiyalari, huquqiy islohotlar, ochiq ma’lumotlar va elektron davlat xizmatlari davlat xizmatchisidan doimiy ravishda o‘rganishni talab qilmoqda. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 19-iyundagi «Davlat fuqarolik xizmatini yangi yondashuvlar asosida tashkil etish hamda professional va natijadorlikka yo‘naltirilgan davlat xizmatchilari korpusini shakllantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmonida ham davlat fuqarolik xizmatini yangi yondashuvlar asosida tashkil etish, professional va natijadorlikka yo‘naltirilgan davlat xizmatchilari korpusini shakllantirish masalalariga alohida e’tibor qaratilgan. Hujjatda davlat xizmatiga munosib kadrlarni tanlov asosida qabul qilish, kadrlar salohiyatini rivojlantirish va professional davlat xizmatchilari korpusini shakllantirish vazifalari qayd etilgan.
Davlat xizmatchisi haqida fikr yuritganda eng muhim haqiqatlardan biri shuki: lavozim insonni ulug‘lamaydi, aksincha, inson o‘z faoliyati bilan lavozimning qadrini oshiradi. Davlat xizmatchisiga berilgan vakolat shaxsiy manfaat uchun imkoniyat emas, jamiyat manfaatiga xizmat qilish uchun berilgan ishonchdir. Zero, zamonaviy davlat xizmatchisi uchun eng oliy mezon – lavozimga munosib bo‘lish emas, xalq ishonchiga sazovor bo‘lish!
Dilrabo ABDUHAMIDOVA,
mutaxassis-muxbir,
katta leytenant.