Qorakoʻl tumani IIB boshligʻi, podpolkovnik J. Rasulov rahbarligidagi 3-sektor hududidagi “Tinchlik” mahalla fuqarolar yigʻini hamda shu mahallada joylashgan 4-umumtaʼlim maktabida uyushmagan yoshlar ishtirokida besh muhim tashabbus doirasida sport – koʻngilochar tadbirlari tashkil etildi. Madaniy koʻngilochar tadbirlar davomida futbol, basketbol, shaxmat-shashka, musiqa, mushoira kechasi, tennis musobaqalari koʻtarinki ruhda oʻtkazildi. Ushbu uchrashuvlarda mahallalardan tashrif buyurgan yoshlar oʻzaro bellashdi. 

Shuningdek, sektor rahbari Qoraqulonchi va Jigʻachi mahallalarida yoshlar muammolarini hal qilish, yigit-qizlarning tadbirkorlik tashabbusini qoʻllab-quvvatlash maqsadida mahalla yoshlari bilan uchrashdi. Uchrashuvda tumanning masʼul idoralari hamda hokim yordamchilari, yoshlar yetakchisi, qator mutasaddi tashkilot vakillari ishtirok etishdi. Yoshlarimizga koʻrsatilayotgan yuksak eʼtibor va gʻamxoʻrlik, ularning oʻz qobiliyati va salohiyatini namoyon qilishlari uchun yaratilgan sharoit va imkoniyatlar, yoshlar huquqlari va qonuniy manfaatlari kafolatining hayotiy ifodasi ekanini aniq misollar bilan tushuntirib oʻtildi. Uchrashuvlarda yoshlarning yigirmaga yaqin murojaatlarining barchasi ijobiy yechimini topdi. Misol uchun aytadigan boʻlsak, U. Imomjonovni toʻlov-kontrakt summasini toʻlashda amaliy yordam soʻragan murojaati ijobiy hal qilindi. R. Qutlievaga nogironlik aravachasi topshirildi.

Bundan tashqari, profilaktika kuni munosabati bilan Quyi Yangibozor mahallasida tadbirlar oʻtkazildi. Ushbu tadbirlar davomida asosiy eʼtiborni oila-turmush munosabatlari doirasida huquqbuzarlik va jinoyatlar sodir etilishi mumkin boʻlgan xonadonlarga qaratish, profilaktika inspektorlarining xizmat qilayotgan hududlarda uyma-uy yurib targʻibot qilishlari orqali fuqarolarning oʻzlariga tegishli boʻlgan yashash xonadonlari, transport vositalari, chorva mollari va boshqa shaxsiy buyumlarini qarovsiz qoldirmasliklari borasida tushuntirish ishlari olib borildi.

Yangiqalʼa mahallasida esa sektor rahbari J. Rasulovning ommaviy sayyor qabuli boʻlib oʻtdi. Qabulda tuman Xalq qabulxonasi, hokim yordamchisi, yoshlar yetakchisi, korxona va tashkilot mutasaddilari hamda fuqarolar ishtirok etdi. Sayyor qabulda takroriy murojaat qilgan fuqarolar ham taklif qilindi. Qabul avvalida asosan uyma-uy yurildi, soʻng mahalla binosida olib borildi. Fuqarolardan kelib tushgan barcha murojaatlar tuman Xalq qabulxonasi tomonidan nazoratga olindi.

Hayotjon ShODIEV, 

podpolkovnik.

Mirzoqul AHADOV,

“Postda” muxbiri.

Buxoro viloyati.