Yoʻl qoidani yoqtiradi
Soʻnggi yillarda aholi orasida tez harakatlanuvchi moped va skuterlar soni keskin koʻpaydi. Ayniqsa, yuk tashishga moʻljallangan skuterlar odamlarning ogʻirini yengil, uzogʻini yaqin qilmoqda. Bir soʻz bilan aytganda, bunday ulovlar dehqonchilik, bogʻdorchilik va yuk tashish bilan shugʻullanuvchi kishilarning haqiqiy koʻmakchisiga aylanib qoldi.
Ammo muammo shundaki, bunday transport vositalarini aksariyat hollarda ayollar yoki voyaga yetmaganlar boshqarmoqda. Afsuski, skuter boshqarayotgan ayollarning haydovchilik guvohnomasi ham yoʻq. Guvohnomasi boʻlmagandan keyin, tabiiyki, haydovchilik tajribasi ham boʻlmaydi.
Yanada achinarlisi, koʻchalarda skuter yoki mopedlarni voyaga yetmaganlar «yashin tezligida» haydab ketayotganini koʻrasiz. Ular ulovning tez harakatlanganiga qiziqadilar-u, tajribasizlik tufayli qoidalarga rioya qilishmaydi. Himoya vositalaridan foydalanishniku aytmasa ham boʻlaveradi. Natijada yoʻllarda ayanchli hodisalar tez-tez sodir boʻlmoqda.
Masalan, 2025-yilning oʻtgan davrida Fargʻona viloyatida mototsikl, skuter va mopedlar ishtirokida
41 ta yoʻl-transport hodisasi sodir boʻldi. Eng achinarlisi shundaki, ushbu holatlarning 7 tasi oʻlim bilan tugagan boʻlsa, 34 ta holatda fuqarolar tan jarohati olib, shifoxonaga yotqizildi.
– Aynan shunday mudhish hodisalarning oldini olish maqsadida viloyat IIB JXX Yoʻl harakati xavfsizligi boshqarmasi xodimlari tomonidan nazorat-profilaktika tadbirlari, targʻibot-tushuntirish ishlari muntazam ravishda tashkil etilmoqda, – deydi viloyat IIB JXX YHXB boshligʻi, podpolkovnik Akmal Ahmedov. – Skuter haydovchilariga yoʻl qoidalariga qatʼiy amal qilish kerakligi, himoya vositalaridan, tungi paytlarda esa yoritish chiroqlari va nur qaytaruvchi elementlardan foydalanish zarurligi tushuntirilib, ogohlikka chorlovchi maxsus bukletlar tarqatilyapti. Bunday transport vositalarining koʻpaygani yaxshi, albatta. Ammo ularni boshqarayotganlar haydovchilik guvohnomasi va tajribasiga ham ega boʻlishi shart.
Mutasaddining taʼkidlashicha, hozirda fuqarolar boshqarib yurgan skuterlarning aksariyati davlat roʻyxatidan oʻtmagan yoki sodda qilib aytganda, hujjati yoʻq. Shu bois ogʻir oqibatli yoʻl-transport hodisalarining oldini olish va haydovchilarga nisbatan javobgarlik masalasini qatʼiylashtirish maqsadida endilikda bunday transport vositalari davlat roʻyxatidan oʻtkaziladi va uni boshqarayotgan haydovchilardan tegishli toifadagi haydovchilik guvohnomasi talab qilinadi.
Fuqarolarimizda «Xoʻsh, bu jarayon qachongacha davom etadi va qayerda amalga oshiriladi?» degan savol tugʻilishi tabiiy hol.
Vazirlar Mahkamasining 2025-yilning 12-apreldagi tegishli qarori bilan bu turdagi transport vositalarini belgilangan tartibda davlat roʻyxatidan oʻtkazishga qoʻyilgan muddat joriy yilning 1-oktabriga qadar uzaytirildi.
Mazkur qarorda moped va skuterlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazish tartib-qoidalari va usullari aniq koʻrsatilgan. Jumladan, moped yoki skuterlar ham boshqa barcha turdagi transport vositalari kabi, belgilangan talablarga muvofiq davlat roʻyxatidan oʻtkaziladi. Bu jarayon Yoʻl harakati xavfsizligi xizmati hududiy boshqarmalarining roʻyxatdan oʻtkazish va imtihon olish boʻlinmalari tomonidan amalga oshiriladi.
Maʼlumot uchun: mazkur turdagi transportlar ikki xil shaklda, yaʼni dvigatelining ish hajmi
25 sm3dan ortiq, lekin 50 sm3dan oshmaydigan, konstruktiv tezligi soatiga 25 kilometrdan ortiq, lekin 50 kilometrdan oshmaydigan holatda moped sifatida;
elektr dvigatelining quvvati 0,25 kilovattdan ortiq, lekin 4 kilovattdan oshmaydigan, konstruktiv tezligi soatiga 25 kilometrdan ortiq, lekin 50 kilometrdan oshmaydigan holatda skuter sifatida davlat roʻyxatidan oʻtkaziladi.
Demak, skuterlarni roʻyxatdan oʻtkazish ishlari ayni paytda amalga oshirilyapti. Fuqarolar oʻzlari yashaydigan shahar yoki tumandagi yoʻl harakati xavfsizligi xizmatining roʻyxatdan oʻtkazish va imtihon olish boʻlinmalariga ariza bilan murojaat qilishi kerak.
Fargʻona viloyati yoʻl harakati xavfsizligi boshqarmasi xulosa sifatida fuqarolarga quyidagilarni eslatadi:
– har qanday transportda – xoh mototsikl, xoh skuter yoki avtomashinada boʻlsin, yoʻl harakati qoidalariga qatʼiy amal qiling;
– skuterlarni boshqarishni haydovchilik guvohnmasi va tajribasi boʻlmagan ayollar yoki yosh bolalarga ishonib topshirmang;
– 1 oktabrga qadar oʻzingiz yashaydigan shahar yoki tumandagi yoʻl harakati xavfsizligi xizmati guruhlariga murojaat qilib, ulovingizni roʻyxatdan oʻtkazib oling. Aks holda, ushbu sanadan boshlab, hujjatsiz skuterlarga belgilangan tartibda jarima qoʻllaniladi.
Abduvosit SIDIQOV,
oʻz muxbirimiz.
Fargʻona viloyati.
