Yoshlar muammolarining asosiy qismi bandlik, moddiy yordam olish, shuning­dek, harbiy xizmat va oliy oʻquv yurtlarida kontrakt toʻloviga koʻmak­lashishga taalluqli boʻlib, ularga huquqiy maslahatlar berilmoqda, yuqoridagi masalalar yechimi boʻyicha amaliy choralar koʻrilmoqda. Sektor shtabi aʼzolari va masʼul idoralar vakillariga mahallalardagi vaziyatni oʻrganish, har bir yosh bilan suhbat oʻtkazish, ularning qiziqish va ehtiyojlarini aniqlash va shu asosda manzilli chora-tadbirlar ishlab chiqish boʻyicha topshiriqlar berildi. Shunga koʻra, xususan, «Temirxoʻja» mahallasida kasb-hunar oʻrgatish kurslari tashkil etildi. 

«Ayollar daftari»ga kiritilgan ayollarga ijtimoiy, huquqiy, psixologik, moddiy, tibbiy va boshqa yordamlar koʻrsatildi. Jumladan, 46 nafar 

xotin-qiz ish bilan taʼminlandi, 26 nafariga oʻz ishini ochish uchun imtiyozli kreditlar ajratildi.

Shuningdek, «Bir mahalla – bir mahsulot» dasturi doirasida oʻz mikroloyi­halari bilan chiqqan 145 ta oila qamrab olindi. Shaxsiy tomorqalarda xorij bozori hamda respublikamizda talab katta boʻlgan mahsulotlar, xususan, qishloq xoʻjaligi mahsulotlari yetishtirish hajmini oshirish, ilgʻor tajribalarni ommalashtirish borasidagi eng yaxshi 10 ta loyiha moliyalashtirildi.

Sektor rahbari ishtirokida oʻtkazilayotgan sayyor qabullar, uchrashuvlar amaliy yordam koʻrsatishning ajralmas qismidir. Yil boshidan buyon tumandagi mahallalarda 46 ta sayyor qabul, shundan 20 tasi yoshlar bilan oʻtkazildi. Ushbu uchrashuvlar chogʻida 428 nafar fuqarodan 430 ta muammo kelib tushdi.

Bir soʻz bilan aytganda, uchinchi sektorda amalga oshiralayotgan ibratli ishlarni rivojlanish sari qoʻyilgan dadil qadam, deya taʼriflasak arziydi. 

Zamira BOLTAYEVA,

oʻz muxbirimiz. 

Samarqand viloyati.