Kinologiya xizmati
Qoraqalpogʻiston Respublikasi IIV JTSB kinologiya boʻlinmasi tomonidan joriy yilning 7 oyi mobaynida jinoyat qidiruv yoʻnalishida 134 ta jinoyat aqlli jonivorlar ishtirokida ochilishiga erishildi.
Shu yilning 4 yanvar kuni tungi vaqtda nomaʼlum shaxs Nukus shahri 22-kichik tumanda joylashgan mebel ishlab chiqarish sexiga oʻgʻrincha kirib, bu yerdagi temir seyfni buzadi va uning ichidagi 236 million soʻm miqdoridagi puldan salkam 180 million soʻmini olib ketadi.
Tergov-tezkor guruh tarkibida voqea joyiga yetib kelgan kichik inspektor-kinolog, katta serjant Murat Oteniyazov oʻzining «Zevs» laqabli xizmat iti bilan ishga kirishadi. Koʻzdan kechirish jarayonida Zevs seyf yonidan iz olib, binodan tashqariga otiladi. Yoʻnalish boʻyicha olib borilgan tezkor qidiruv ishlari natijasida koʻp oʻtmay oʻgʻirlikni ushbu sexda ishlaydigan J.Oralbayev sodir etgani aniqlandi.
– Ayni kunda boʻlinmamizda 44 ta xizmat iti mavjud. Umumiy va maxsus tayyorgarlikdan oʻtkazilgan ushbu xizmat itlaridan iz qidirish yoʻnalishi, giyohvand moddalarni hamda portlovchi moddalarni qidirib topishda unumli foydalanib kelinmoqda, – deydi Qoraqalpogʻiston Respublikasi IIV JTSB kinologiya boʻlinmasi katta mutaxassis-kinologi, katta serjant Sharapat Utepov.
Xizmat itlari pitomnigida xodimlarning kasb mahoratini oshirish uchun 30 kunlik maxsus kurslar tashkil etilgan. Bu kurslarda kichik inspektor kinolog xodimlarning bilim va koʻnikmalarini oshirish, ularga biriktirilgan xizmat itlarini umumiy va maxsus qayta tayyorlash ishlari olib boriladi.
Kinologiya boʻlinmasida mavjud xizmat itlari kasallikka chalinishining oldini olish, voqea joyiga chiqishda doim shay turishi uchun veterinariya xizmati ham yaxshi yoʻlga qoʻyilgan.
Azamat PIRNIYAZOV,
«Na postu» muxbiri.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi.
