Qoʻshkoʻpir tumanidagi “Oshoqqalʼa” mahallasida xotin-qizlarni ijtimoiy-huquqiy himoya qilishga bagʻishlangan yigʻilish boʻlib oʻtdi.
Tadbirda tuman hokimining oʻrinbosari, Oila va xotin-qizlar boʻlimi boshligʻi S.Xudayberganova soʻzga chiqib, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Mutaxassisligi boʻyicha kamida besh yil mehnat stajiga ega boʻlgan xotin-qizlarni davlat oliy taʼlim muassasalariga oʻqishga qabul qilish koʻrsatkichlari doirasida tanlovda ishtirok etish uchun tavsiyanoma berish masalasini koʻrib chiqish toʻgʻrisida”gi qarori boʻyicha amalga oshirilgan ishlar yuzasidan tushuntirishlar berdi va 52 nafar xotin-qizlarning hujjatlari belgilangan mezonlarga mos kelganini taʼkidlab oʻtdi.
Shuningdek, Vazirlar Mahkamasining “Oliy taʼlim muassasalariga qoʻshimcha davlat granti asosidagi qabul koʻrsatkichlari doirasida ehtiyojmand oilalardagi xotin-qizlarga tanlovda ishtirok etish uchun tavsiyanoma berish va ularni oʻqishga qabul qilishni tashkil etish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qaroriga asosan “xotin-qizlar.uz” platformasi orqali kelib tushgan 583 nafar talabgorning arizasi oʻrganib chiqilib, ulardan 419 nafari belgilangan tartibda tavsiyanoma olishga tagʻdim etildi.
Tadbirda tuman IIB JXX HPB xotin-qizlar masalalari boʻyicha katta inspektori, podpolkovnik G.Gulyamova ishtirok etib, tuman hududida xotin-qizlar oʻrtasida tazyiq va zoʻravonlikning oldini olish, jinoyatchilik va huquqbuzarliklarga qarshi kurashishda mahalla faollari bilan hamkorlikda amalga oshirilgan ishlar va yoʻl qoʻyilgan kamchiliklarga toʻxtalib oʻtdi.
Yigʻilishda mahallalarda maʼnaviy-ahloqiy muhitni yaxshilash, notinch va nizoli oilalar bilan alohida tadbirlar tashkil etish, ajrimlarning barvaqt oldini olish borasidagi ishlar ham atroflicha tahlil etildi. Shu kuni “Oshoqqalʼa” mahallasi xotin-qizlari uchun sayyor qabul tashkil etildi. Bunda 16 ta murojaat qabul qilinib, shundan 7 tasi joyida, 2 tasi sektorlar kesimida ijobiy hal qilindi. Ikkita murojaat tegishli tashkilotlarga yoʻnaltirildi va 5 nafar ayol kasb-hunarga oʻqish uchun roʻyxatga olindi.
Tadbir soʻngida ishtirokchilar Qoʻshkoʻpir tumanidagi “Kasb-hunarga oʻqitish markazi” faoliyati bilan ham tanishdi.
Xudoybergan JABBOROV,
“Postda” muxbiri.
Xorazm viloyati.
