Bandixon tumanida 1 gektar yer ajratilib, “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida mevali bogʻ barpo qilindi. Boqqa 800 tup mevali daraxt, 100 tup manzarali, 700 tup gilos koʻchatlari ekildi. 

– “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasidagi xayrli ishga shahar-tuman IIB xodimlari ham jalb etilib, jami 12833 mingdan ortiq daraxt koʻchatlari ekildi, – deydi viloyat IIB Axborot xizmati boshligʻi, mayor Farhod Toshboev. – 1890 tup mevali, 8218 tup manzarali daraxtlar, 2725 tup butali ekinlar oʻtqazildi. Daraxt koʻchatlarining 939 tupi yashash xonadonlarga, 859 tupi xizmat binolari va ularning atrofidagi hududlarga, 7450 tupi ichki ishlar organlari rahbarlariga biriktirilgan yashil massivlarga, 1181 tupi IIBlar hududlariga, 693 tupi profilaktika inspektori xizmat uylari va ularga biriktirilgan hududlarga, 1027 tupi biriktirilgan mahallalarga ekildi. Qolaversa, ushbu hududlarda daraxtlarni noqonuniy kesish va shikastlantirish bilan bogʻliq holatlar boʻyicha jamoatchilik nazorati ham kuchaytirildi.

Bugun qadalgan koʻchatlar ertaga azim daraxtlarga aylanadi va kelajak avlod ularning mevasidan bahramand boʻladi. Qolaversa, bu kabi yashil maydonlar atrof-muhitni yaxshilash, havo ifloslanishining oldini olishga ham xizmat qiladi.

Feruza RAHMONQULOVA,

oʻz muxbirimiz.

Surxondaryo viloyati.