Bola endi oʻsayotgan niholdir. Uning toʻgʻri boʻy olishi uchun eʼtibor va yaxshi qarov kerak. Afsuski, barcha oilalarda ham bolaga nisbatan bunday munosabatda boʻlishmaydi. Ayrim oilaviy nizolar yoki nosogʻlom muhit taʼsirida bolalar tazyiq ostiga olinadi yoki mutlaqo qarovsiz qoldiriladi.
Albatta, bunday vaziyatda befarq ota-ona yoki ularning oʻrnini bosuvchi shaxslar oʻrniga ichki ishlar organlarining voyaga yetmaganlarga ijtimoiy-huquqiy yordam koʻrsatish markazlari nazoratsiz qolgan voyaga yetmaganlarni oʻz nazoratiga oladi.
– Surxondaryo viloyati IIB VEIHYOK markazida ham ayni paytda 7 nafar ana shunday qarovsiz bola bilan profilaktik ishlar olib borilyapti, – deydi markaz katta tarbiyachisi, katta serjant Sarvinoz Safarova. – Ularning shaxsi aniqlanib, oʻqishi va xulq-atvori, oilasidagi muhiti va qarovsiz qolishiga sabab boʻlgan omillar oʻrganilmoqda. Shu bilan birga, bolalarni koʻngilochar joylarga sayohatga ham olib borilib, ularga alohida gʻamxoʻrlik koʻrsatilmoqda. Yaqinda markazda tarbiyalanayotganlar bilan Termiz hayvonot bogʻiga sayohat uyushtirdik. Bundan bolalarning kayfiyati va koʻngli koʻtarildi, quvnashdi.
Markazlarda tarbiyalanayotgan bolalarga bunday quvonch ulashish lozimligi Vazirlar Mahkamasining 3 avgust kuni imzolangan «Voyaga yetmaganlarga ijtimoiy-huquqiy yordam koʻrsatishni yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida»gi qarorida belgilangan. Markaz xodimlari ham oʻz vazifalarini shunga muvofiq holda bajarishmoqda.
Feruza RAHMONQULOVA,
«Postda» muxbiri.
Surxondaryo viloyati.
