Yurtimizda amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari jarayonida ichki ishlar organlari uchun ham yangi binolar qurilayotganligi xizmat sifati va samaradorligini oshirishga zamin yaratmoqda. Ayniqsa, keng koʻlamli islohotlar jarayonida ichki ishlar organlari xodimlarini aholiga yanada yaqinlashtirish, tezkorlik bilan xizmat koʻrsatilishini taʼminlash maqsadida eski binolar zamonaviy loyiha asosida rekonstruktsiya qilinib, kapital taʼmirdan chiqarilyapti. Barcha maskanlar innovatsion texnologiyalar bilan jihozlangan holda foydalanishga topshirilmoqda.

Yaqinda Ichki ishlar organlari xodimlari kuni bayram tadbirlari munosabati bilan joylarda ana shunday maskanlarning ochilish marosimlari boʻlib oʻtdi. Jumladan, viloyat IIB YHXB YPXO 2-safarbar guruhi hamda Romitan tumani IIB Yoʻl harakati xavfsizligi guruhi binosi, Vobkent tumani IIB hamda tuman IIB Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish, shuningdek, Yoʻl harakati xavfsizligi va Probatsiya guruhlarining binolari, Gʻijduvon tumani IIB 4-sonli Iibga qarashli “Paxtaobod mahalla huquq-tartibot maskani” ham qisqa vaqt ichida zamonaviy loyiha asosida rekonstruktsiya qilinib, kapital taʼmirdan chiqarildi. Barcha maskanlar innovatsion texnologiyalar bilan jihozlangan holda foydalanishga topshirildi.

Bundan tashqari, Buxoro shahar IIOFMB 3-sonli Iibga qarashli “Sadriddin Ayniy nomli mahalla huquq-tartibot maskani” hamda 4-sonli Iibga qarashli “Otbozor mahalla huquq-tartibot maskani” zamonaviy loyiha asosida qurilib, aholiga xizmat koʻrsata boshladi. Mazkur inshootlar koʻrkam va shinam xonalardan iborat boʻlib, zaruriy mebel jihozlari va boshqa uskunalar bilan taʼminlandi.

Tantanali ochilish marosimlarida viloyat hokimi B. Zaripov, sektor rahbarlari, tuman IIB xodimlari va faxriylari hamda keng jamoatchilik ishtirok etdi. Tadbirlar milliy va diniy qadriyatlarimizga mos ravishda oʻtkazildi.

SH. JALOLOV,

podpolkovnik.

M. AHADOV,

“Postda” muxbiri.

Buxoro viloyati.