9 may – Xotira va qadrlash kuni

Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi, ichki ishlar organlari faxriysi, isteʼfodagi mayor Mirzaahmad Sulaymonov navqiron yoshlik yillarini urush oʻchogʻida oʻtkazgan.

– Har safar jangga kirayotganimda, yurtimga, ota-onamning bagʻriga eson-omon boray, deya duo qilardim, – dedi Mirzaahmad ota. – Urush hal qiluvchi bosqichga yaqinlashib borardi. Qochayotgan dushman qattiq qarshilik qilardi. Bir payt kaskamni teshib, boshimga oʻq tegdi. Yaxshiyamki, suyakka oʻtmagan ekan. Oʻn ikki kun gospitalda davolanib, yana jangga kirdim.

Tirik afsonaga aylangan otaxonning bu kabi hikoyalarini yoshlar katta qiziqish va hayrat bilan tinglaydi. Mirzaahmad ota urushning suronli yillarini xotirlash bilan birga, yoshlarni bugungi tinch va osuda zamonga shukrona keltirib, halol mehnat qilishga, Vatanni sevishga, ilm olishga chaqiradi.

Mirzaahmad Sulaymonov urushdan soʻng Rishton tumani Ichki ishlar boʻlimiga xizmatga kirib, 30 yilga yaqin turli lavozimlarda faoliyat koʻrsatdi. Tuman IIB huzuridagi Qoʻriqlash boʻlinmasi boshligʻi lavozimidan mayor unvonida pensiyaga chiqdi. Bugun u farzandlari, nabira va chevaralari qurshovida keksalik gashtini surayapti.

– Yoshligimni eslasam, koʻzlarimga yosh keladi, – deydi otaxon. – Shukur, bugun tinch zamonda yashayapmiz. Keksalarga eʼtibor va gʻamxoʻrlik koʻrsatayotgan Prezidentimizdan, vazirlik rahbariyatidan doim minnatdorman.

Yaqinda tuman IIB boshligʻi oʻrinbosari, podpolkovnik Burxonjon Mamajonov hamda tuman IIB Faxriylar kengashi raisi, isteʼfodagi mayor Eminjon Obidov yuz bilan yuzlashayotgan nuroniyni yoʻqlab borishdi.

– Mirzaahmad ota kabi faxriylarning hayoti va faoliyati yoshlar uchun chinakam ibrat maktabidir, – deydi podpolkovnik B. Mamajonov.

 Biz bilan suhbatda Mirzaahmad ota «Qalqon» jurnalida chop etilgan bir suratni koʻrsatdi.

– Bu suratga urush qatnashchisi, soʻxlik hamkasbim Metinboy Boltayev bilan birga 2010 yili Toshkent shahrida oʻtkazilgan Xotira va qadrlash kuni bayrami paytida tushganmiz, – deydi u jurnal muqovasiga ishora qilib. – Umr koʻz ochib yumguncha oʻtib ketaverar ekan. Afsuski, oʻshanda koʻrishgan, hamsuhbat boʻlgan hamkasblarimning koʻpi bugun oramizda yoʻq. Shuning uchun bir-biringizni qadrlang, qoʻlingizdan kelganicha yaxshilik qilishga intiling.

Abduvosit SIDIQOV,

«Postda» muxbiri.

Fargʻona viloyati.