Taʼlim muassasalarini bitirigan, mustaqil hayotga qadam qoʻygan yoshlarning eng muhim orzusi, niyati nima? Ishli boʻlish, oʻzi yoqtirgan, istagan kasbida faoliyat koʻrsatish. Shunday emasmi? Mamlakatimizda aholi bandligini taʼminlash, yoshlarni ishli qilish borasida bir qator ishlar amalga oshirilyapti. Jamiyat rivojiga oʻz hissasini qoʻshadigan intiluvchan yoshlar uchun keng imkoniyatlar yaratilyapti.

Yaqinda IIV Xalqaro aeroportlarda xavfsizlikni taʼminlash qoʻshinlariga qarashli Qarshi shahrida joylashgan 7256-sonli harbiy qismda ham bir guruh yoshlar oʻz orzusiga yetib, ishli boʻlishdi. Gap shundaki, joriy yil oʻz yigitlik burchini ado etib, qurolli kuchlar rezerviga boʻshatilgan muddatli harbiy xizmatchilarning bir guruhi rahbariyatga murojaat qilib, harbiy xizmatni davom ettirish istagini bildirgan edi. Shunga muvofiq kontrakat asosida xizmat qilmoqchi boʻlgan nomzodlar sinov imtihonlari topshirishdi. Yaqinda saralanganlarni xizmatga qabul qilish yuzasidan oʻrganish ishlari olib borildi. Barcha sinov va tekshiruvlardan muvaffaqiyatli oʻtgan, aqlan yetuk, jismonan sogʻlom, axloqiy-ruhiy sifatlari meʼyor darajada boʻlgan fuqarolar harbiy xizmatga qabul qilindi.

Kecha haqiqiy xizmatga qabul qilinganlarni qutlash hamda ular bilan xizmatoldi suhbat, yoʻriqnoma oʻtkazish maqsadida harbiy qismda ota-onalari hamrohligida tadbir tashkil etildi. Harbiy qism komandirining oʻrinbosari, podpolkovnik Sh.Niyozov ota-onalarni farzandlari sharafli kasb egasi boʻlganligi bilan tabriklab, harbiy qismda yaratilgan sharoit va imkoniyatlar toʻgʻrisida gapirib oʻtdi.

Shu kuni harbiy qism kadrlar boʻlinmasi boshligʻi, kapitan Sh.Tugalov harbiy xizmatga qabul qilingan harbiy xizmatchilarning xizmat joyi bilan tanishtirib oʻtdi. Yangi harbiy xizmatchilar koʻzida quvonch bilan oʻz xizmat joyiga yoʻl olishdi.

Gʻayratjon Samadov,

kapitan.