Maʼlumki, ichki ishlar organlari tizimida bir qator tub islohotlar amalga oshirilmoqda. Xususan, huquqbuzarliklar profilaktikasi sohasida voyaga yetmaganlar masalalari boʻyicha inspektor psixolog lavozimining joriy etilgani ayni muddao boʻldi.
Navoiy viloyati IIBda Vazirlar Mahkamasining “Voyaga yetmaganlarga ijtimoiy-huquqiy yordam koʻrsatishni yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarorining ijrosini taʼminlash hamda sohada endigina ish boshlagan voyaga yetmaganlar masalalari boʻyicha inspektor psixologlar faoliyatini samarali tashkil etish yuzasidan seminar-trening tashkil etildi. Unda viloyat IIB boshligʻi, polkovnik A.Tasbayev soʻzga chiqib, jamiyatdagi psixologik jihatdan nozik ijtimoiy qatlamni voyaga yetmaganlar tashkil qilishi, ularni qarovsiz qoldirmaslik chora-tadbirlarini koʻrish, oilasi, mahallasi hamda ular taʼlim olayotgan joyda nazoratni kuchaytirish muhimligi haqida soʻzladi.
Seminar-trening davomida viloyat IIB Maʼnaviy-maʼrifiy ishlar va kadrlar bilan taʼminlash xizmati Maʼnaviy-maʼrifiy ishlar boʻlimi psixologik taʼminlash guruhi katta psixologi, katta leytenant Mavluda Orziyeva bolaning oilada nazoratsiz qolishi, shuningdek boʻsh vaqti toʻgʻri tashkil qilinmaganligi hamda ijtimoiy tarmoqlardan nooʻrin foydalanishi sababli uning ruhiyatida salbiy oʻzgarishlar yuz berib, koʻngilsiz holatlarni keltirib chiqarayotganligini aytib oʻtdi. Bu kabi vaziyatlarni bartaraf etish maqsadida bola va uning oilasi, unga taʼlim berayotgan oʻqituvchilar hamda mahalla faollari bilan maxsus suhbatlar olib borish lozimligini tushuntirdi. Kelgusida hududlarda yangi tizim asosida ishni tashkil etish boʻyicha tavsiyalar berdi. Tadbir davomida seminar ishtirokchilari viloyat IIB HPB Voyaga yetmaganlarga ijtimoiy-huquqiy yordam koʻrsatish markazida tarbiyalanuvchilar uchun yaratilgan shart-sharoitlar bilan yaqindan tanishishdi. Bolalar bilan yuzma-yuz muloqotda boʻlishdi.
Muxtasar qilib aytganda, tizimda amalga oshirilayotgan islohotlar, oʻtkazilayotgan seminar-treninglar voyaga yetmaganlar masalalari boʻyicha inspektor psixologlar faoliyatini sifat jihatdan yangi bosqichga olib chiqishda muhim omil boʻlib xizmat qilishi shubhasiz.
Mahliyo XOLOVA,
“Postda” muxbiri.
Navoiy viloyati.
