Buxoro viloyatida oʻtkazilayotgan keng qamrovli "Turmush" maxsus profilaktik tadbirlarida notinch oilalar muammolarini oʻrganish, ularni tizimli hal etish orqali oila-turmush munosabatlari doirasida sodir etiladigan huquqbuzarliklar va jinoyatchilikning oldini olishga qaratilgan manzilli ishlar amalga oshirilib, voyaga yetmagan bolalar, ayniqsa, yosh qizlarni tarbiyalash, ularning turmush sharoitlarini yaxshilash ishlariga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Qiyin ijtimoiy ahvolga tushib qolgan, turli sabablarga koʻra vaqtinchalik ota-onasining qaramogʻidan mahrum boʻlgan, oiladagi notinchlik sabab ijtimoiy-huquqiy va psixologik yordamga muhtoj bolalar aniqlanib, ularga har tomonlama koʻmak berib kelinmoqda.

Jumladan, Peshku tumani Valfajr mahallasida yashovchi, 2002 yilda tugʻilgan Yu.R. va Kamolot mahallasida yashovchi, 2005 yilda tugʻilgan 9-sinf oʻquvchisi M.Sh. oʻz onasi bilan, shuningdek, Qorakoʻl tumanida 2004 yilda tugʻilgan 10-sinf oʻquvchisi P.S. buvisi bilan kelishmovchilik sabab uyidan chiqib ketgan va oʻz joniga qasd qilish darajasigacha borishgan. Ularni ruhiy tushkunlikka tushgan holda, koʻchalarda maqsadsiz daydib yurganliklari aniqlanib, huquqiy, tibbiy, psixologik yordam koʻrsatilib, oila aʼzolari bilan tushuntirish ishlari olib borildi. Romitan tumani Qumrabot mahallasida yashovchi, 2009 yilda tugʻilgan I.Sh. va 2013 yilda tugʻilgan I.R.ga esa oʻgay onasi I.N. tomonidan jismoniy va ruhiy zoʻravonlik oʻtkazilganligi, doimiy ravishda ularni urib, kaltaklab kelganligi aniqlandi. Ushbu norasidalar sud-tibbiy ekspertizasidan oʻtkazildi va fuqaro I.N.ga nisbatan maʼmuriy ish qoʻzgʻatildi. Bundan tashqari, bolalar otasi M.O.ning Rossiya Federatsiyasidan kelguniga qadar buvisining qaramogʻiga topshirildi.

Shuningdek, Romitan tumanining Zarafshon mahallasida yashovchi, ota-onasi ajrimidan soʻng togʻasi qaramogʻida qolgan, 2004 yilda tugʻilgan R.U. bilan ham profilaktik suhbatlar olib borilib, uning muammolari oʻrganildi. Tuman IIB va homiylar koʻmagi bilan unga shaxsini tasdiqlovchi ID karta rasmiylashtirib berildi. 

Sh. JALOLOV, 

podpolkovnik.

Buxoro viloyati.