Bolalar ishtirokida sodir boʻlayotgan yoʻl-transport hodisalarining oldini olish va bu boradagi targʻibot ishlari taʼsirchanligini yanada oshirish maqsadida IIV YHXBB mutaxassislari va Fargʻona viloyati IIB YHXB xodimlari hamkorligida koʻrgazmali mashgʻulotlar tashkil etildi.

Fargʻona shahar IIBdagi yoʻl harakati qoidalarini oʻrgatuvchi maxsus maydonchada oʻtkazilgan mashgʻulotlarda 50 nafarga yaqin oʻquvchi-yoshlar ishtirok etishdi.

Mashgʻulot jarayonida tajribali YPX inspektorlari kichkintoylarga yoʻl harakati qoidalarini oddiy, sodda va ravon tilda, bolalarga mos qilib maxsus rasmlar va belgilar yordamida tushuntirib berdilar.

Jumladan, svetafor ishoralariga amal qilish, piyodalar yoʻlakchasidan qanday tartibda oʻtish, velosipedda harakatlanish va shu kabi kundalik hayotimizda koʻp uchraydigan holatlar haqida batafsil maʼlumot berildi.

Shu joyning oʻzida bolajonlar kichik avtomobillarni maxsus yoʻlakchalarda boshqarib, dastblaki haydovchilik koʻnikmalariga ham ega boʻlishdi.

Abduvosit SIDIQOV,

“Postda” muxbiri.

Fargʻona viloyati.