Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirining oʻrinbosari – Transport va turizm obʼektlarida xavfsizlikni taʼminlash departamenti boshligʻi, general-mayor Bahodir Mirzarahimov hamda IIV Transportda xavfsizlikni taʼminlash bosh boshqarmasi boshligʻi, polkovnik Rustam Tashpoʻlatov Jizzax viloyati IIB Transportda xavfsizlikni taʼminlash boʻlimi faoliyati bilan tanishdi. Mazkur jarayonda boʻlimning 2020 yil hamda joriy yilning oʻtgan davridagi faoliyati atroflicha oʻrganildi.

Oʻrganish jarayonida soha vakillarining qonunbuzarliklarning oldini olish, jinoyatchilikka qarshi kurash, temir yoʻllarda jamoat xavfsizligini taʼminlash va koʻngilsiz hodisalarga yoʻl qoʻymaslik hamda bu yoʻnalishda aholi oʻrtasida olib borilayotgan targʻibot tadbirlariga eʼtibor qaratildi. Shu bilan birga, soha xodimlarining xizmat sharoitlari oʻrganildi.

Vazir oʻrinbosari Jizzax temir yoʻl bekati va temir yoʻl vokzalida boʻlib, ichki ishlar organlari xodimlarining faoliyati bilan tanishdi. Yakunda IIV masʼullari tomonidan temir yoʻl infratuzilmasining xavfsizligini ishonchli taʼminlash yuzasidan aniq koʻrsatma va topshiriqlar berildi.

Alijon ABDUSATTOROV,

“Rostda” muxbiri.

Jizzax viloyati.