Yurtimizda bayramlar koʻp, har birining oʻz shukuhi va tarovati bor albatta. Yurtdoshlarimiz ushbu bayramlarni oʻzgacha surur, koʻtarinki kayfiyat bilan nishonlashi uchun ichki ishlar organlari xodimlari kunu tun xizmatda.
Albatta, soha xodimlarining mashaqqatli xizmati hech qachon eʼtibordan chetda qolmaydi. Bu anʼana Navroʻz bayramida ham oʻz ifodasini topdi. Xususan, bayram munosabati bilan IIV JIEBBning bir qator fidoyi xodimlari ham munosib ragʻbatlantirildi. Shu munosabat bilan boʻlib oʻtgan tadbirda Bosh boshqarma rahbariyati, faxriylar va shaxsiy tarkib ishtirok etdi.
Dastlab, Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vaziri, general-leytenant Poʻlat Bobojonovning bayram tabrigi oʻqib eshittirildi. Soʻng
jazoni ijro etish tizimida xizmat qilib kelayotgan bir guruh xodimlarga Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirining buyrugʻiga asosan, “Aʼlo xizmatlari uchun”, “Ichki ishlar organlarida benuqson xizmatlari uchun” koʻkrak nishonlari, Ichki ishlar vazirligining “Faxriy yorligʻi”, esdalik qoʻl soati hamda pul mukofotlari topshirildi.
Berilgan bu mukofotlar, bildirilgan ishonch va yuksak eʼtirof osoyishtalik posbonlarini yanada ruhlantirgani shubhasiz. Endilikda, ular oʻz zimmasida zalvorli kasb yukini yanada teran his etgan holda, vazifasini sidqidildan sadoqat bilan ado etadilar.
Tantanali tadbirda Bosh boshqarma boshligʻi, polkovnik Rustam Tursunov soʻzga chiqib, yasharish va yangilanish ayyomi — Navroʻz bayrami bilan barcha yigʻilganlarni muborakbod etib, kelgusi ish faoliyatlarida muvaffaqiyatlar tiladi.
Bayram tadbiri sohada uzoq yillar davomida samarali xizmat qilib, oʻzining halolligi va fidoyiligi bilan yosh xodimlarga oʻrnak boʻlgan bir guruh xodimlarni pensiyaga kuzatish marosimiga ulanib ketdi. Soʻzga chiqqanlar faxriylar safiga kuzatilayotganlarni tabriklash barobarida, ular xizmatini alohida eʼtirof etishdi. Anʼanaga koʻra, nafaqaga kuzatilganlarga toʻn kiydirilib, qimmatbaho sovgʻalar topshirildi.
Abduhoshim ZIYODINOV,
mayor.
